07:53 / 04.03.2022
37091

Rossiya va Ukraina muzokaralari: tomonlar gumanitar yo‘laklar bo‘yicha kelishib oldi

Belarusning Belovejskaya pushcha hududida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi bosqichi yakunlandi. Tomonlar tinch aholini evakuatsiya qilish va harbiy hududlarga dori-darmonlarni yetkazib berish uchun gumanitar yo‘laklarni tashkil etishga kelishib oldi.

Foto: MAXIM GUCHEK/BELTA/TASS

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, «evakuatsiya amalga oshiriladigan davrda tegishli sektorlarda o‘t ochishni vaqtinchalik to‘xtatish» imkoniyati ko‘zda tutilgan. 

«Bu maqsadda yaqin vaqt ichida aloqa va o‘zaro hamkorlikning maxsus kanallari tashkil etiladi va tegishli logistika tartiblari shakllantiriladi», — deyiladi hujjatda. 

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak jurnalistlarga Ukraina tomoni «gumanitar jihatlar yetarlicha batafsil muhokama qilingan» bo‘lsa-da, o‘zi kutgan natijaga erisha olmaganini aytdi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni «muhim olg‘a siljish» deb atadi. 

Muzokaralarning uchinchi raundi yaqin kunlarda o‘tkazilishi kutilmoqda, sana hozircha ma’lum qilinmagan. 

28 fevral kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Rossiyaning «maxsus harbiy operatsiyasi» boshlanganidan keyin birinchi marta Belarus hududida uchrashdi. Uchrashuv Pripyat daryosi hududida, Ukraina chegarasi yaqinidagi Gomel viloyatida bo‘lib o‘tdi. 

Muzokaralar besh soatga yaqin davom etdi, biroq ularning natijalari bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilinmadi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top