04:16 / 06.03.2022
48704

O‘zbekiston U-23 jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchining yoshi va ismi o‘zgartirilgan bo‘lib chiqdi

Farg‘onaning «Neftchi» va Termizning «Surxon» klublaridagi o‘yini bilan tanilgan yarimhimoyachi Husniddin G‘ofurovning ismi va yoshi o‘zgartirilgan bo‘lib chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, futbolchining ismi Husniddin emas, Anvarjon. U avval qayd etilganidek 1997 yil emas, 1995 yilda tug‘ilgan.

 O‘ng tomonda, «Surxon» sardori
Foto: Tribuna.uz

O‘FA bayonotida aytilishicha, futbolchi ukasining nomiga rasmiylashtirilgan pasport bilan futbol o‘ynab yurgan. Bu ishni qilganini o‘zi tan olgani va uning futboldagi iqtidorini inobatga olgan O‘FA futbolchiga yangi nom bilan mehnat shartnomasi tuzishga ruxsat bergan.

«O‘zbekiston futbolchilari uyushmasining O‘FA Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasiga yuborgan xatiga muvofiq futbolchi G‘ofurov Anvarjon Husanboy o‘g‘lining haqiqiy shaxsiy ma’lumotlari va ism-familiyasi bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqilgan.

Qo‘mita yig‘ilishida futbolchi G‘ofurov Anvarjon Husanboy o‘g‘lining vakili sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoyev futbolchi haqiqatda ham bundan bir necha yil avval, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli o‘zining ma’lumotlarini, aniqrog‘i pasportidagi ismi va familiyasini ukasi G‘ofurov Husniddin Husanboy o‘g‘li nomiga rasmiylashtirgani va aynan ushbu ism-familiya ostida faoliyatini davom ettirganini ta’kidlab o‘tdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Buvayda tuman sudining 2020 yil 3 mart kunidagi hukmiga ko‘ra, G‘ofurov Anvarjon Husanboy o‘g‘lini ukasi G‘ofurov Husniddin Husanboy o‘g‘li bilan bir-birlarining shaxsiy ma’lumotlari va ism-familiyalarini almashtirgan holda rasmiylashtirilgan fuqarolik pasportlari belgilangan tartibda yo‘q qilinib, ularning haqiqiy shaxsiy ma’lumotlari va ism-familiyalari bo‘yicha fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilishi ta’minlangan.

Qo‘mita ushbu vaziyatni o‘rganish davomida futbolchi haqiqatda ham bunga o‘zi istamagan holda o‘sha vaqt faoliyatini boshlagan murabbiylari va ota-onasi qistovi bilan rozilik bergan, degan xulosaga keldi.

Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi futbolchini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli hujjatlarini ukasining shaxsiy ma’lumotlari asosida rasmiylashtirgani, bu vaziyatdan chiqish uchun yordam so‘rab murojaat qilayotgani, uning futboldagi iqtidor va qobiliyatini inobatga olgan holda uning o‘ziga tegishli shaxsiy ma’lumotlari asosida rasmiylashtirilgan mehnat shartnomasi va boshqa hujjatlarini O‘zbekiston Professional futbol ligasidan ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berishni hamda G‘ofurov Anvarjon Husanboy o‘g‘liga jarima intizomiy jazo chorasini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasiga havola etishni lozim topdi», deyilgan O‘FA bayonotida.

Ma’lumot uchun, haqiqiy ismi-sharifi Anvarjon G‘ofurov bo‘lgan futbolchi 2018 yil Xitoy maydonlarida o‘tkazilgan Osiyo chempionati U-23 bahslarida ishtirok etgan va O‘zbekiston safida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Saralashda va musobaqa davomida birorta o‘yinda ishtirok etmagan futbolchi yakunda barcha futbolchilar qatorida davlat tomonidan «Malibu» avtomobili bilan taqdirlangan. Musobaqada Husniddin G‘ofurov nomi bilan ro‘yxatga olingan futbolchi 1997 yilda tug‘ilgani qayd etilgan.

Foto: Wikipedia

Hozir esa «Neftchi» safida Anvar G‘ofurov sifatida PFL qaydnomasiga kiritilgan futbolchi 1995 yilda tug‘ilgani ko‘rsatilgan. Qizig‘i, u «Neftchi» safida mavsum avvalida Husniddin G‘ofurov sifatida tanishtirilgan, Superliga 1-turida esa Anvar G‘ofurov sifatida maydonga tushgan.

Foto: PFL

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev futbolchining ismi va yoshi o‘zgartirilgani 2020 yil sud tomonidan aniqlanganiga qaramay, u 2021 va 2022 yilgi mavsumlarda ham Husniddin G‘ofurov sifatida maydonga tushganiga e’tibor qaratgan.

Mavzuga oid
Top