22:00 / 06.03.2022
58902

Rossiya aviakompaniyalari xalqaro parvozlarni to‘xtatmoqda - asosiy savollar

Foto: Reuters

Rosaviatsiya Rossiya aviakompaniyalariga 6 martdan boshlab xalqaro parvozlarni to‘xtatishni tavsiya etdi. O‘tgan vaqt ichida Rossiyaning bir necha aviakompaniyalari xorijdagi barcha reyslarni to‘xtatishga qaror qildi - Minsk yagona istisno. BBC endi xalqaro reyslar qanday ishlashi borasidagi savollarga javob izladi.

Rosaviatsiyaning e’loni xalqaro parvozlar to‘liq bekor qilinishini anglatadimi?

Yo‘q, bunday emas. Rosaviatsiya tavsiya berdi - agentlik 6 martdan «ketish» reyslarini, 8 martdan «qaytish» reyslarini to‘xtatishni maslahat qilgan.

Bu taqiq Rossiya aviakompaniyalari xorijliklardan (birinchi navbatda yevropaliklardan) ijaraga olgan samolyotlar ularning egalari talabi bilan xorijda ushlab turilishi yoki hibsga olinishi xavfi yuqori ekani bilan bog‘liq.

26 fevral kuni YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalar e’lon qilgandi.

Bu hujjat, xususan, samolyotlar va ehtiyot qismlarni Rossiyadagi jismoniy va yuridik shaxslarga hamda Rossiyada foydalanish uchun sotishni taqiqlaydi. Bu taqiq bunday mahsulotlar Yevropa Ittifoqi hududida ishlab chiqarilmagan holatlarda ham amal qiladi.

Shuningdek, hujjat bilan bunday mahsulotlarni bevosita yoki bilvosita sug‘urta qilish va qayta sug‘urtalashni ham taqiqlaydi.

Rossiya kompaniyalaridagi samolyotlarning ko‘p qismi xorijlik lizingga beruvchilardan olingan. Cirium tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 777 samolyotdan 515 samolyot lizingga olingan.

Ammo bu ularning barchasi xorijda ushlab qolinishini anglatmaydi - bu faqat muayyan bir kompaniya, masalan, lizingga beruvchi talabi bilan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga bunday holatlar allaqachon sodir bo‘lib ulgurgan.

Qolaversa, 24-26 fevral kunlaridan buyon Rossiya aviakompaniyalari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritib, o‘z havo kengliklarini yopgan davlatlar ustidan uchishni to‘xtatgan (dunyoning 35 dan ortiq davlati).

5 mart kuni, Rosaviatsiya bayonoti ortidan bir necha yirik aviakompaniyalar xalqaro reyslar to‘xtatilishini e’lon qildi:

  • «Aeroflot» («Pobeda» va «Avrora» ham) - 8 martdan
  • AzurAir - 8 martdan
  • Nordwind, PegasFly - 7 martdan
  • Royal flight - 5 martdan

Shu bilan birga bundan keyin ham uchishda davom etishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar ham bor, bunday kompaniyalarning samolyotlari Rossiyaning o‘zida ishlab chiqarilgan.

Foto: Getty Images

«Izvestiya» ma’lumotiga ko‘ra, kamida to‘rtta Rossiya aviakompaniyasini bunday ro‘yxatga kiritish mumkin.

Bular Red Wings va SSJ rusumli o‘z samolyotlari bo‘lgan «Azimut». Shuningdek o‘zining Boeing 737 va «Iraero» rusumli samolyotlariga ega bo‘lgan UTair.

Ammo ularda ham muammolar tug‘ilishi mumkin - masalan SSJ samolyotlarida Yevropada ishlab chiqarilgan qismlar va uzellar mavjud. Bundan tashqari, bu samolyot to‘xtovsiz uzoq masofalarga ucha olmaydi - u avvaldan mintaqaviy parvozlar uchun mo‘ljallab ishlab chiqarilgan.

Boeing samolyotlaridan Rossiya bo‘ylab parvozlarda foydalanishda davom etmoqchi bo‘layotgan kompaniyalarda esa bu samolyotlarga xizmat ko‘rsatishda murakkabliklar yuzaga keladi. 2 mart kuniyoq Boeing Rossiyaga ehtiyot qismlar yetkazib berishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu 7 mart kunigacha sodir bo‘lishi mumkin.

Xorij kompaniyalari uchishda davom etishi mumkinmi? Ular bilan barchasi joyidami?

Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llamagan mamlakatlarning aviatashuvchilari bu yerga uchishda davom etishi mumkin.

Masalan, bu Serbiya va Turkiyaning milliy tashuvchilari - Air Serbia va Turkish Airlines.

Ammo bunday aviakompaniyalarning ham ko‘plari samolyotlarni ijaraga olgan yoki Yevropa kompaniyalarida sug‘urtalagan. Natijada ular ham Yevropadagi kontragentlar talabiga ko‘ra parvozlarni to‘xtatishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Masalan, Egypt Air kompaniyasi 4 mart kuni Rossiyaga parvozlarni to‘xtatdi - hozircha 10 martga qadar. Kompaniya buni Yevropadagi ayrim kontragentlar «Ukraina atrofidagi voqealar va Yevropaning RFga qarshi sanksiyalari tufayli Moskvaga uchish va qaytish reyslarini sug‘urta qilish»dan bosh tortgani bilan izohladi (iqtibos TASSniki).

Ozarboyjonning ikki aviakompaniyasi AZAL va Buta Airways - 6 mart kunidan Rossiya Federatsiyasining barcha shaharlariga parvozlarni bekor qildi.

Ular ham bu qarorga izoh sifatida sanksiyalar tufayli aviatsiya sug‘urtasi va qayta sug‘urtasi bo‘yicha yuzaga kelgan o‘zgarishlarni keltirgan.

Rossiya aviakompaniyalari samolyotlariga nima bo‘ladi?

Buni oldindan aytish murakkab.

Aviatsiya ma’muriyatining ayrim harakatlari shuni ko‘rsatdiki, lizingga beruvchilar o‘z samolyotlarini qaytarishni talab qilsa ham, Rossiya kompaniyalari bu talablarni bajarmaslik yo‘lini izlab ko‘rishadi.

5 mart kuni transport vazirligi tomonidan tayyorlangan Rossiya hukumati qarori loyihasi e’lon qilindi.

Ushbu hujjat Rossiya aviatsiya qoidalariga muvofiq berilgan texnik xizmat ko‘rsatish tashkiloti sertifikatiga ega bo‘lgan rossiyalik yuridik shaxslar tomonidan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatilishiga ruxsat berishni ham nazarda tutadi.

RBK  ma’lumotiga ko‘ra, 2 mart kuniyoq transport vazirligida G‘arbdagi lizing kompaniyalari tomonidan samolyotlarni qaytarish bo‘yicha talablar kela boshlagach, qanday yo‘l tutish bo‘yicha variantlar muhokama etilgan. Variantlardan biri sifatida aviatsiya parkini milliylashtirish ham ko‘rib chiqilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top