19:40 / 07.03.2022
24941

2022 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga qisqarishi mumkin – Jahon banki

Rossiyadagi og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 25 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Jahon banki ekspertlarining tahlillariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi ko‘plab davlatlar iqtisodiyoti Rossiyadan pul o‘tkazmalariga bog‘liq. Xususan, 2021 yilning dastlabki 9 oyi davomida Rossiyadan pul o‘tkazmalarining ulushi Qirg‘izistonga jami pul o‘tkazmalarining 83 foizini tashkil etgan.

Dastlabki prognozlarga ko‘ra, Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi va rublning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi hisobiga Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 25 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Xalqaro pul o‘tkazmalari qisqarishining eng yuqori sur’ati Qirg‘iziston(33 foiz), Ozarboyjon(23 foiz), Tojikiston(22 foiz) va O‘zbekistonda(21 foiz) kuzatilishi mumkin.

Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, Markaziy Osiyoga pul o‘tkazmalari pasayishiga ikkita omil jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Birinchi omil, Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi natijasida ish o‘rinlari qisqarib ketishi hisoblanib, bu migrantlarning umumiy daromad darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va pul jo‘natish imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Ikkinchi omil, rublning keskin qadrsizlanishi migrantlar ish haqlarining dollar ekvivalentdagi qiymati pasayishiga olib keladi.

Jahon banki ma’lumotlarida keltirilishicha, 2020 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 6,98 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu mamlakat Yalpi ichki mahsulotining 11,6 foiziga teng bo‘lgan.

2021 yilning dastlabki 9 oyi davomida esa O‘zbekistonga xorijdan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalarining 55 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 8,1 milliard dollarni tashkil etgan. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top