10:41 / 09.03.2022
2252

Surxondaryoda fuqaroning o‘qishini xorijdan ko‘chirib berishini aytib 1 300 dollar olgan shaxs ushlandi

U fuqaroning Tojikistondagi o‘qishini O‘zbekistondagi OTMga ko‘chirib, so‘ng ishga joylab qo‘yishni va’da qilgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Sariosiyo tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro K.I. fuqaro Sh.ning ishonchiga kirib, 1 500 AQSh dollari evaziga Tojikistondagi o‘qishini O‘zbekistondagi OTMga ko‘chirib berish hamda ishga joylashtirib qo‘yishni aytib, shundan 1 300 dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Surxondaryo va Namangan viloyatlarida o‘qishni ko‘chirib berishini aytib firibgarlik qilgan va pora olgan shaxslar ushlangandi.

Top