22:24 / 10.03.2022
29865

180 ming dollar pora olmoqchi bo‘lgan Qo‘qon shahar hokimi o‘rinbosariga hukm o‘qildi

2021 yilning avgust oyida pora bilan qo‘lga olingan Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari hamda “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘llari uzeli” UK moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Mansabdor shaxslar turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Foto: iStock

Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘qon shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari A.N. “Uchko’prik Export Bazasi” va “Liverpul 2019” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari F.A.ning Qo‘qon shahrida qurilishi rejalashtirilgan “Markaziy eksport bozori” loyihasini amalga oshirish uchun joy zarurligidan xabar topadi. 

Temir yo‘l uzeliga ega Uchko‘prik tumanidagi Qaqir iqtisodiy zonasida joylashgan “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘llar uzeli” UK balansida bo‘lgan 2,5 gektar yer maydoni va bino-inshootlarini tanishlari orqali arzon baholatib, auksion orqali olib berishni va’da qiladi. Evaziga undan 180 ming AQSh dollari so‘raydi. Uning jinoiy sherigi “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘llari uzeli” UK moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari O.M bo‘lgan.

Tezkor-tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari A.N. talab qilingan pullardan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan. Tadbir davom ettirilib, u O.ga mazkur pullarni berayotgan paytda daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, A.N.ga 5 yil 6 oy, O.M.ga 5 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid
Top