07:10 / 10.03.2022
10314

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining AQShga tashrifi amalga oshirildi

2021 yil dekabr oyida o‘tkazilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 2022 yil 6-9 mart kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning AQShga tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken, uning o‘rinbosarlari Uzra Zeya va Liza Peterson, davlat kotibi yordamchisi Donald Lu, AQSh prezidenti maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall, xalqaro diniy erkinlik sohasida maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Rashad Husayn hamda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Vest bilan muzokaralar o‘tkazildi.

«O‘zbekiston bo‘yicha kokus» a’zolari va bir guruh kongressmenlar bilan muloqot tashkil etildi.

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi, Amerika xalqaro ta’lim bo‘yicha kengashi, Jorj Vashington universiteti, Tinchlik instituti, Borlout instituti rahbariyati va ekspertlari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan tadbirlarda O‘zbekiston-Amerika aloqalarining dolzarb masalalari va ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi.

«C5+1» formati doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Top