15:42 / 11.03.2022
117080

Chaqmoq chaqayotganda yashin urishidan qanday himoyalanish kerak?

Qashqadaryoda uch kishini yashin urib, ulardan biri vafot etdi. Bu – O‘zbekistonning tekislik hududlarida kamdan kam kuzatiladigan hodisa. Gidrometeorologlar buni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Xo‘sh, chaqmoq chaqib, momaqaldiroq bo‘layotgan vaqtda qanday qilib yashin urishidan saqlanish mumkin?

Iqlim o‘zgarishi tabiat hodisalarining sodir bo‘lish vaqti va joyiga ham ta’sir qilishni boshladi. 9 mart kuni Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida noqulay ob-havo sharoiti sabab 3 nafar fuqaroni yashin urdi, ulardan biri vafot etdi. Gidrometeorologlar fikricha, Dehqonobodda fuqarolarni tekislik hududida yashin urgan va bu – noodatiy hol.

Sababi, chaqmoq va yashin hodisalari asosan tog‘ va tog‘oldi hududlarida ro‘y berib kelgan. Qolaversa, O‘zbekistonda chaqmoq va momoqaldiroq hodisalari oxirgi yillar ichida ko‘paygan. Kun.uz chaqmoq, yashin urishi hodisasi va undan qanday himoyalanish bo‘yicha mutaxassislardan tavsiya oldi.

Yashin urishi qanday sodir bo‘ladi?

Erkin Abdulahatov, iqlimshunos:

— Chaqmoq – atmosferada yuz beradigan uchqunli elektr razryadi. Bulutlar bilan bulutlar orasida yoki bulutlar bilan yer orasida hosil bo‘ladi. Bulut va yer orasida hosil bo‘ladigan chaqmoqlar "yashin hodisasi" deyiladi. Chaqmoq hosil qiluvchi momaqaldiroq bulutining elektr zaryadlari yuqori kuchlanishga ega bo‘ladi.

Chaqmoq chaqishidan so‘ng uning ovozi keyinroq yetib keladi. Bu ovoz momaqaldiroq hodisasi deyiladi. Momaqaldiroq ovozining quloqlarimizga yetib kelishi orasidagi vaqtga qarab, yuqori kuchlanishli chaqmoq hodisalarining Yerdan balandligini bilib olsak bo‘ladi. Masalan, chaqmoq chaqnashidan so‘ng 6 sekund oraliqda momaqaldiroq ovozi eshitilsa, chaqmoq 2 km balandlikda kuzatilgan bo‘ladi. 

Yashin va chaqmoq hodisalarini farqlay bilishimiz kerak. Odatda, chaqmoq hodisalarining 20-25 foizida yashin hodisalari kuzatiladi. Yuqori kuchlanishga ega zaryadlangan chaqmoqlar Yer sirtiga yaqin balandlikda kuzatilsa, ular Yerdagi baland obektlarga yashin ko‘rinishida uriladi. Kuni kecha Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Samarqand viloyati bir nechta tumanlarida g‘ayritabiiy mavsumga xos bo‘lmagan vertikal rivojlanuvchi bulutlar quyi chegarasi Yer sirtiga juda yaqin kelganda yashin urish hodisalari qayd etildi. Natijada, Dehqonobod tumanida istiqomad qiluvchi aholini yashin urdi. Yashin urishidan bir kishi halok bo‘ldi.

Yashinni oldindan aniqlashning imkoni yo‘q

Samandar Hikmatullayev, Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari:

— Yashin eng baland nuqtani uradi. Shaharlarda odamlarni yashin urish ehtimoli deyarli yo‘q. Chunki bu yerda odamdan baland obektlar bor. Shuningdek, yashin yaylov joylarida yurgan qo‘y, mollarni emas, undan balandroq bo‘lgan odamni uradi.

Chaqmoq urish hodisasini mukammal o‘rganish juda mushkul jarayon, sababi, chaqmoq qaysi vaqtda va qayerda urishini aniq aytib berishning imkoni yo‘q. Chaqmoq urishi natijasida hosil bo‘lgan zaryadning tok kuchi 10-500 ming ampergacha, kuchlanishi esa 10 milliondan bir necha milliard voltgacha yetishi mumkin. Shu sababli chaqmoq urishi hodisasini o‘rganuvchi olimning hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

Chaqmoq va momoqaldiroq asosan tog‘ va tog‘oldi hududlarga xos

Erkin Abdulahatov, iqlimshunos:

— Chaqmoq va momaqaldiroq xususiyatiga ega bo‘lgan bulutlar O‘zbekistonda bahor-yoz oylari uchun xos. Lekin oxirgi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli kuz va qish oylarida ham chaqmoq hodisalariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Chaqmoq-momaqaldiroqlar yoz oylarida tog‘ va tog‘ oldi hududlarida tez tez kuzatiladi. Bu hodisalar jadal yog‘inlar bilan birgalikda kuzatilib, sel-suv toshqini hodisalarini keltirib chiqaradi. Qashqadaryoning tekislik hududlarida yashin urish hodisasi g‘ayritabiiy bo‘lgan. Chunki yashin hodisalari asosan, tog‘ va tog‘oldi hududlar uchun xos.

Oxirgi vaqtda iqlim o‘zgarishi tufayli chaqmoq, momaqaldiroq chastotasi takrorlanishi davomiyligi ortgan. Bu bizning statistik ma’lumotlarda ham aks etmoqda. Ya’ni oxirgi paytlarda iqlim o‘zgarishi tufayli vertikal rivojlanuvchi to‘p-to‘p bulutlardagi oqimlar bilan kirib keladigan yog‘inlarning jadalligi ortgan. Va shu sababli chaqmoq va momaqaldiroqlar ham ko‘proq kuzatilmoqda.

Yashin urganlarning qariyb 10 foizi vafot etadi

Mudarisjon Sohibnazarov, Samarqand viloyati FVB xodimi, 1-darajali serjant:

— Butunjahon Meteorologiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer sayyorasining atmosfera qatlamida har sekundda 40-45 marta yashin urish hodisasi kuzatiladi, ya’ni bu ko‘rsatkich yil davomida 1,4 milliard martaga to‘g‘ri keladi. Har yili yer yuzida yashin urishidan 6 mingdan 24 minggacha odam halok bo‘ladi va 240 mingdan ortiq odam jabrlanadi. Yashin urgan odamlarning 9-10 foizi taqdiri o‘lim bilan yakunlanadi. Ayrimlari nogiron bo‘lib qoladi.

Shuningdek, chaqmoqlar hayvonot olami va o‘simliklar hayotiga xavf solishi, binolar, uy-joy va sanoat obektlarida yong‘inlar keltirib chiqarishi, elektr ta’minoti, aloqa, aviatsiya va bir qancha tizimlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ham xavfli tabiat hodisasi hisoblanadi.

Yashin urishidan himoyalanish

Samandar Hikmatullayev, FVV matbuot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari:

— Yashin urishidan himoyalanish uchun chaqmoq va momaqaldiroq paytida tashqariga chiqmaslik, tezroq yopiq bino ichiga kirish kerak. Avtomobilda harakatlanayotgan kishi to‘xtab, chaqmoq tugagunicha mashina ichida bo‘lishi tavsiya etiladi. Tog‘da, dala-dashtda yakka turgan daraxt tagida berkinmaslik, ochiq va imkon qadar pastqamda bo‘lish, metall buyumlardan uzoqroq turish, quruq joyda boshni tizzalar orasiga olib, bosh ustini qo‘l bilan berkitib, o‘tirish lozim.

Shuningdek, chaqmoqlar yer yuziga tushganda ko‘proq baland daraxtlarga (ayniqsa terak, chinor, tut va mevali daraxtlarga) urishi mumkin. Shu sababli chaqmoq paytida baland daraxtlar ostidan panoh izlamaslik kerak.

Yopiq binolar va avtomobil saloni chaqmoq urishidan yaxshi himoya joyi bo‘lishi mumkin, biroq bino ichidagi yerga ulangan metall qismlar va avtomobilning metall qismlariga tegish mumkin emas.

Yashin urgan odamga birinchi yordam

Mudarisjon Sohibnazarov, Samarqand viloyati FVB xodimi, 1-darajali serjant:

— Chaqmoq urgan joyda bo‘lgan odamda kuchli yorug‘lik nuridan ko‘z pardalarining shikastlanishi, kuchli elektr tokidan to‘qimalar va ichki a’zolar, yuqori energiya haroratidan teri va tana a’zolarning kuyishi, zarba to‘lqinidan tashqi a’zolar va suyaklar shikastlanishi, kuchli tovush to‘lqinidan eshitish tizimi, quloq pardalari jarohatlanishi mumkin.

Shu bilan birga, kuchli chaqmoq urgan odamning tanasida kuygan chuqurchalar yoki ko‘kimtir-qora dog‘lar paydo bo‘ladi. Elektr toki inson tanasida saqlanib qolmaydi, shu sabab chaqmoq urgan odamga darhol tibbiy yordam ko‘rsatilsa, yashab qolishining iloji bor. Bunda birinchi navbatda uning nafas olish jarayoni tiklanishi shart, u nafas olmayotgan bo‘lsa, sun’iy nafas berish, o‘pka reanimatsiyasi o‘tkaziladi. Yurak urishi tekshirilib, urmayotgan bo‘lsa, davomli yurak massaji ham olib borish va tez tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Top