15:54 / 11.03.2022
22459

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi vaziri va uning o‘rinbosarini tanqid ostiga oldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda bundan ikki yil avval oziq-ovqat sanoati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilib, alohida vazir o‘rinbosari lavozimi, maxsus jamg‘arma tashkil etilgani, barcha vakolatlar berilgani ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri J. Xo‘jayev va uning o‘rinbosari A. Asomov masalani ichiga kirmayotgani, pastga tushib tizimda amaliy natijalar qila olmayotgani tanqid qilindi.

Ular oziq-ovqat sanoati bo‘yicha bir oy muddatda o‘zgarish qilmasa, ularga qat’iy choralar ko‘riladi, dedi davlat rahbari.

Birorta hokimda hududiy import balansi, ichki imkoniyatlar va viloyatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi ta’kidlandi.

“Bu borada hokimlar bergan rejalar ham buni tasdiqlab turibdi. Bu mutlaqo yetarli emas”, dedi prezident.

Vazirlar Mahkamasiga hukumat qarorini qabul qilib, har bir tarmoq va hudud rahbarining majburiyatlari, aniq hisob-kitoblar, mas’ul va javobgarlarni belgilash topshirildi.

Top