22:39 / 13.03.2022
14505

Yog‘ingarchilik sabab Marg‘ilon shahridagi Safed to‘da masjidi devorining bir qismi qulab tushdi

Foto: Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Yog‘ingarchilik sabab madaniy meros obektiga kiruvchi Marg‘ilon shahar «Go‘riavval» MFY hududida joylashgan Safed to‘da masjidi devorining bir qismi qulab tushdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasi mutaxassisi Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Foto: Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Ma’lum bo‘lishicha, 11 mart kuni Safed to‘da masjidi binosining orqa qismi devorlari yog‘ingarchilik oqibatida qulab tushgan. Masjid devorlari tashqi ta’sirlar natijasida zaxlagan, yorilishlar hamda o‘pirilishlar paydo bo‘lgan.

Foto: Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Yuzaga kelgan holat yuzasidan Farg‘ona viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan ishchi guruh tuzilgan. Hozirda mutaxassislar tomonidan masjid binosining qolgan qismini saqlab qolish uchun chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Marg‘ilon shahrida joylashgan Safed to‘da masjidi XIX asrda qurilgan. U Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxati»ga, 2022 yil madaniy meros obektlarini ta’mirlash uchun ajratiladigan respublika budjeti mablag‘lari hisobidan restavratsiya qilinishi lozim bo‘lgan obektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mavzuga oid
Top