12:32 / 16.03.2022
6991

Qalin tuman «Toshkent» aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi

Bugun, 16 mart kuni ertalab samolyotlar poytaxt aeroportiga qo‘na olmadi va parvoz qila olmadi. Ko‘rish masofasining pastligi sababli bir qancha ichki va xalqaro reyslar kechiktirildi hamda boshqa aeroportlarga ko‘chirildi.

Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, Toshkent aeroportida qalin tuman tufayli - ko‘rish masofasi 150 metrga yaqin - Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha THY-368 reysi bortida 259 yo‘lovchi bo‘lgan Turkish Airlines samolyoti belgilangan aeroportga qo‘na olmadi va soat 08:45 da Bishkekdagi muqobil aerodromga jo‘nab ketdi.
 
Air Cairo aviakompaniyasining MSC-771 reysi Sharm-al-Shayx – Toshkent yo‘nalishida ko‘rish imkoniyati yomonligi (200 metr) tufayli Navoiydagi muqobil aerodromga yo‘l oldi. Bortida 172 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot soat 09:35 da Navoiy aeroportiga qo‘ndi. 

Toshkent vaqti bilan soat 10:14 da xalqaro aeroportdagi cheklovlar bekor qilindi. Bu soatga kelib ko‘rish masofasi 2000 metrga yaqinni tashkil etgan. 

Turkish Airlines’ning THY-368 reysi Toshkentga soat 11:47 da qo‘ndi, Air Cairo samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 12:07 da poytaxt aeroportiga qo‘nishni amalga oshirdi.

Top