16:57 / 17.03.2022
20746

Andijon: Kuchli yomg‘ir sabab ko‘chalar o‘rtasidan ariq kovlandi

So‘nggi kunlardagi ob-havo O‘zbekiston shaharlari bu darajadagi yog‘ingarchilikka tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ayni paytda Andijon shahridagi uchta ko‘chaning o‘rtasidan ariq kovlanib, transport harakati to‘xtatilgan. Sabab – kuchli suv oqimi aholi uylari va ijtimoiy obektlarga xavf solgan.

Andijon shahridagi ikkinchi kichik dahadagi ko‘p qavatli uylarga suv oqimi zarar yetkazmasligi uchun Mashrab va Lermontov ko‘chalari kesishgan joyda sun’iy ariq kovlanib anhorlarga yo‘naltirildi.

Shuningdek, Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Fitrat va Farg‘ona ko‘chasi kesishgan hududda ham yo‘l o‘rtasidan ariq kovlanib anhorlarga oqizilmoqda.

Seshanba kuni tunda yog‘gan yomg‘ir oqibatida ikkinchi kichik dahadagi 63- va 64-uylarni sel oqimidan ihota qilish maqsadida uylar atrofiga qum to‘ldirilgan qoplar bilan sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Har ikki uyning yerto‘lalari suvga to‘lgan.

Andijon viloyat favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari maxsus uskunalarda yerto‘ladagi suvlarni tortib olib, kanalizatsiya quvurlariga yo‘naltirmoqda.

“Lermontov va Mashrab ko‘chalari kesishmasida seshanbadan-chorshanbaga o‘tar kechasi aholi yashaydigan ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy obektlar va savdo do‘konlarini kuchli suv oqimidan asrash maqsadida hamkor tashkilotlar – viloyat hokimligi, “Suvoqova” tashkiloti, Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari bilan birgalikda qo‘shimcha kuchlar, texnika vositalari yordamida 300 metr sun’iy ariq kovlandi.

Ayni paytda suv oqimi katta ariqqa yo‘naltirilgan. Viloyat favqulodda vaziyatlar bo‘limi qismlari turli joylarda tun-u-kun xizmat olib bormoqda. Hozirda shaharning uchta ko‘chasida mana shunday ariqlar kovlandi va harakatlanish to‘xtatildi”, deydi Andijon viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi Baxtiyorjon Dadaboyev.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov,
Kun.uz

Mavzuga oid
Top