23:10 / 17.03.2022
1195

Buxoroda ikki yilda 2  651 nafar tibbiyot xodimi intizomiy javobgarlikka tortilgan 

2020-2021 yillarda Buxoro viloyatida kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmagan va sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 2 575 nafar tibbiyot xodimi ishdan bo‘shatilgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, «Korrupsiyasiz soha» loyihasi ijrosi yuzasidan Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida kadrlar siyosatining tashkil etilish holati o‘rganilgan. Jarayonda bir qator muammo va kamchiliklar aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning tarkibidagi muassasalarda jami 40 163 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. 2020-2021 yillarda ulardan 1 984 nafariga nisbatan turli shakldagi qonunbuzilishi va korrupsiyaviy holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan. Shuningdek, ikki yilda kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmagan va sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 2 575 nafar tibbiyot xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan hamda 2  651 nafar xodim esa intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Agentlikka ko‘ra, viloyatda tibbiyot muassasalari xodimlari tomonidan 2020 yilda 12 ta, 2021 yilda 16 ta holatda pora evaziga ishga qo‘yish uchun tamagirlik jinoyatlari sodir etilgan. Tizimda bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish bilan bog‘liq 33 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. 493 ta  holatda esa mehnat qonunchiligiga zid ravishda tibbiyot muassasasida o‘zaro qarindoshlar faoliyat yuritayotgani va shundan 214 ta holatda muassasa rahbariyatiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qilayotganligi ma’lum bo‘lgan. 

Top