20:43 / 18.03.2022
7081

Aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn borligi va qon bosimi yuqori ekani barchamizni o‘ylantirishi kerak - prezident

Xalqaro forumlar saroyida Sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida davlat rahbari shifokorlar aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilishlari zarurligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Men sizlardan sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga ko‘proq e’tibor berishingizni so‘rayman. Chunki, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanadigan odam, hech qanday davoga muhtoj bo‘lmaydi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz – genetik omillarga, 9 foiz – sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq. 

Salomatligimiz asosan o‘z qo‘limizda ekan, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini yanada oshirishimiz zarur. Bu masala bo‘yicha alohida dasturni boshlaganimizdan xabardorsiz.

Afsuski, to‘g‘ri ovqatlanmaslik va harakatsizlik oqibatida, bugungi kunda aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn borligi, 30 foizida esa xolesterin va qon bosimi yuqori ekani, barchamizni o‘ylantirishi kerak.

Shuning uchun, joriy yildan boshlab, 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi. Reyting degani shuki, endi tibbiyot xodimlari o‘z hududida aholi sog‘lig‘ini saqlash va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha o‘ziga majburiyat oladi. 

Bunda, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlari, asosiy mezon sifatida belgilanadi.

Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanadi, yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi”, dedi prezident tadbir ishtirokchilariga.

Mavzuga oid
Top