23:21 / 18.03.2022
33096

«Balki sizga eski korrupsiyalashgan tizim ko‘proq yoqar» - Allamjonov Kusherbayevning tanqidiga javob qaytardi

Komil Allamjonov Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevning davlat imtihon markazlari qarorlarga zid ravishda yopilgani haqidagi fikriga javob qaytardi.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

«Hurmatli deputatimiz Rasuljon Kusherbayevning yozgan postlarining bizga tegishli qismiga o‘z munosabatimni bildirmoqchiman.

Toshkent shahri uchun xizmat ko‘rsatayotgan hozircha yagona bo‘lib turgan «Imtihon markazi» to‘liq Prezident va Vazirlar Mahkamasining qaroriga mos ravishda faoliyat yuritmoqda. Markaz bugungi kunda 800 dan ortiq fuqarodan imtihon olish imkoniyatiga ega. Markaz ochilguniga qadar Toshkent shahridagi 3 ta GAI imtihon olish bo‘limlari (kichkina-kichkina, har xil tumanda umumiy shahar bo‘yicha 4-5 tagina xonadan iborat bo‘lgan) kuniga 400 nafar odamdan imtihon olgan.

Demak, bundan kelib chiqadiki, bizning zamonaviy, barcha standartlarga javob beruvchi «Imtihon markaz» avvalgi imkoniyatdan 2 barobar katta va eng asosiysi, katta avtomatlashtirilgan avtodrom, kompyuterlashtirilgan xonalariga ega. Navbatlar yo‘q deyarli. Ko‘p xonalari bo‘sh ham turibdi. Va shu kungacha hali biror marta avvalgidek 400 nafar uyoqda tursin, hatto 200 nafar ham odam kelmadi.

Endi viloyatlar kesimiga kelsak, u masalaga bizning aloqamiz yo‘q va aniq bilamanki, ichki ishlar vazirligining asoslangan o‘z javobi bo‘lsa kerak. Xullas, u yerda bizning markaz yo‘q. Va hammasi butun Toshkent markazi uchun degan sha’mali e’tiroz o‘rinsiz. Hech qachon Qashqadaryodan yoki Surxondaryodan kelib Toshkentda imtihon topshirishmaydi. Ustiga ustak, bizda faqat bilim talab qilinadi. Logikani tushunyapsiz, degan umiddaman», degan Komil Allamjonov.

U imtihonlardan o‘tish oson bo‘lgan eskicha tizimni qo‘msaganlargina yangi tizimdan norozi bo‘lishi mumkinligiga urg‘u qaratgan.

«Soqqa» qilishga kelsak, aynan «soqqa» har sohaning drayveridir. Sizningcha fikrlansa, siz ham faqat «soqqa» uchun ishlaysiz va «soqqa qilasiz», chunki tekinga ishlamaysiz-ku (o‘zingiz aytgansiz shu gapni). Aslida «soqqa» qilish gunoh emas. Jinoyat ham emas. Albatta, uni qanday qilish muhim. Masalan, biz hozirda hammasini qonuniy qilyapmiz. «Soqqa» tufayli Mark Tsukerberg Facebook, Ilon Mask Tesla, Durov Telegram, Stiv Jobs iPhone’ni yaratdi. Agar «soqqa» kelmasa, bunday texnologik rivojlanish bo‘lmas edi.

Siz yosh va zamonaviy, vatanparvar, eng asosiysi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash partiyasi deputati sifatida bizni yaxshi tushunib, xususiylashtirish tarafida bo‘lishingiz kerak deb o‘ylayman. Yana bilmadim. Balki sizga eski korrupsiyalashgan tizim ko‘proq yoqar. Saylovchilar, tayinlovchilar sizga murojaat qilishsa, darrov qilich ko‘tarib ketmay ularni ko‘proq o‘qishga, bilim olishga chaqirsangiz, bugungi siyosatning asl yordamchisi bo‘lasiz deb o‘ylayman. Saylovchilaringiz savoli menga juda qiziq. Xuddiki «Imtihon markazi»ni qo‘llash emas, qiynalib ketganidan eskisini qaytarib bering, deyishayotgandek. Yana kim bilsin!

Ishlaringizga omad. Vaqtingiz bo‘lsa keling bir aylanib. Jon deb kutib olib, eng zamonaviy, haqiqiy imtihon markazini ko‘rsatamiz. Juda ko‘pchilik o‘ta olmayapti. Chunki bilimi yo‘q. Saylovchilaringiz (ular Toshkent viloyatidan bo‘lsa kerak) qo‘msayotgan tizimda shular balki yuz foiz o‘tib ketar edi. Ko‘chadagi ahvolni ko‘rib turibsiz. Siz qaytarish kerak degan tizim natijasi bu», deya postini yakunlaydi Allamjonov.

Avvalroq deputat Kusherbayev keng jamoatchilik va saylovchilardan bo‘layotgan murojaatlarni inobatga olib, Toshkent shahrida haydovchilar uchun imtixon oluvchi «Yagona imtihon markazi» faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi va davlat imtihon markazlari yopilishida iste’molchilar huquqlari, raqobat hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi masalasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi nomiga «deputatlik so‘rovi» kiritgani haqida xabar bergandi.

Ushbu so‘rovga qo‘mitadan kelgan javobda respublikaning ba’zi hududlarida (Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Toshkent viloyatida 6 ta) davlat imtihon olish markazlari ushbu sohada yetarli miqdorda xususiy sektor sub’yektlari tashkil etilmay turib, prezident qarori talablariga zid ravishda yopilgani aytilgan.

«Demak, bundan xulosa kelib chiqadiki, bitta tadbirkorlik sub’yektining tezroq «soqqa ishlashi»ga imkoniyat berish uchun shoshib-pishib boshqa davlat imtihon markazlarini yopish orqali prezident qarori talablari ham buzilgan», degandi deputat.

Top