07:38 / 26.03.2022
15325

Toshkentda yosh qizlarni fohishalik qilish uchun Turkiyaga sotib yuborayotgan ayol ushlandi

Joriy yil 23 mart kuni Toshkent shahar IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlariga “Sevara” ismli ayol yosh qizlarni aldov yo‘li bilan Turkiyaning Istanbul shahriga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborayotgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, olib borilgan tezkor-qidiruv ishlar natijasida “Sevara” ismli ayol Uchtepa tumanida yashovchi 27 yoshli A.S. ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, u moddiy manfaat evaziga Zangiota tumanida yashovchi 26 yoshli I.Sh.ni Turkiyada mo‘may daromad topishga qiziqtirib, yo‘l haqi va boshqa xarajatlarni ishlab berish sharti bilan 23 mart kuni soat 05:30 da uni Toshkent-Istanbul yo‘nalishida aviareys orqali Istanbulga fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun yuborayotgan vaqtida ashyoviy dalillar, ya’ni aviabilet, ikkisi o‘zaro suhbatlashib yurgan telefon apparatlari yozishmalari bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Uchtepa tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksi 135-moddasi 1-qismi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.

Tergov jarayonida A.S. o‘z ko‘rsatmalarida Turkiya fuqarosi bo‘lgan “Ferdi” ismli shaxs bilan birgalikda ushbu jinoyatni sodir etgani, I.Sh.ni Turkiyaga yuborish uchun unga 500 dollar yuborganini, shundan 350 dollarga aviachipta xarid qilib, qolgan 150 dollarni xizmat haqi evaziga rag‘batlantirish tariqasida olib qolib, ushbu pulni hozirgi kunda o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborganini ma’lum qilgan.

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan A.S.ga Jinoyat kodeksi 135-moddasi 2-qismi “ye” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan odam savdosi) bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan “Qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top