09:00 / 27.03.2022
4684

“O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy kovenantlar monitoringi bo‘yicha tajribasi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan “Moliyaviy hisobot tizimini takomillashtirish va kadrlarni kasbiy tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish” mavzusida xalqaro onlayn anjuman o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ma’lumki, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) O‘zbekiston Respublikasi korxona va tashkilotlari tomonidan joriy etilishining muhim asoslaridan biri bo‘lib, xorijiy investorlar uchun zarur bo‘lgan moliyaviy axborot muhitini ta’minlash, xalqaro moliyaviy bozorlarga kirish imkoniyatining kengayishi va dunyodagi yetakchi moliyaviy muassasalardan kredit mablag‘larini jalb etishda moliyaviy dastak hisoblanadi.

Anjumanni Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida MHXSni joriy etishning dolzarbligi, ushbu sohada professional kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda korxona va tashkilotlar oldida turgan vazifalar to‘g‘risida fikr almashishni taklif etdi.

Dastlab Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari Kengashining a’zolari T.Sendon va M.Sansonlarning MHXSda amalga oshirilayotgan va kelgusida kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqidagi, Osiyo taraqqiyot bankining xalqaro eksperti Ya.Richining buxgalteriya hisobining milliy standartlarini MHXSga muvofiq uyg‘unlashtirish borasidagi, “ASSA” rasmiy vakili V.Starodubsevaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan sertifikatga ega bo‘lish uchun kadrlarni tayyorlash salohiyatini kuchaytirish to‘g‘risidagi ma’ruzalari tinglandi.

Foto: O‘zbekneftgaz

“KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi mutaxassisi Almira Barkenovaning “O‘zbekistonda MHXSni qo‘llashda asosiy vositalar hisobining amaliy masalalari” mavzusidagi treningi konferensiya ishtirokchilari uchun katta qiziqish uyg‘otdi.

“Moliyaviy kovenantlar va ularning moliyaviy hisobotni tuzishdagi ta’siri: “O‘zbekneftgaz” AJ tajribasi” mavzusidagi taqdimotda aksiyadorlik jamiyatida MHXSni joriy etish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Taqdimot “O‘zbekneftgaz” AJ MHXS joriy etish bo‘limi boshlig‘i Xamza Tuxsanov tomonidan olib borildi.

Ta’kidlash joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ mahalliy yirik kompaniyalar ichida birinchilardan bo‘lib 2016 – 2020 yillar uchun MHXS asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotini tuzdi. Hisobotga “Ernst & Young” xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan ijobiy xulosa berildi. Shuningdek, “Fitch Ratings”, “S&P” va “Moodys” xalqaro reyting agentliklaridan mustaqil kredit reytingi olindi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida 2021 yilning 11 noyabrida London xalqaro fond birjasida “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z yevroobligatsiyalarini joylashtirishga erishdi. Ayni paytda 2023–2024 yillarda dastlabki aksiyalar joylashtiruvi (IPO) bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bundan tashqari, taqdimotda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan nufuzli xalqaro moliyaviy muassasalardan jalb etilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha tuzilgan shartnoma kovenantlarining mohiyati, ularga rioya etilmagan hollarda tug‘iladigan risklar, jumladan, moliyaviy hisobotning ko‘rsatkichlariga salbiy ta’siri va buning natijasida kreditorlar tomonidan qabul qilinadigan qat’iy qarorlar, auditorlar izohlari yoki salbiy xulosa berish xavfi borasidagi ma’lumotlar ham qamrab olindi.

Moliyaviy kovenantlarning buzilishi yoki ularning rioya etilmay qolishi oldini olish maqsadida MHXS asosida moliyaviy hisobot tuzadigan kompaniyalar uchun “O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy kovenantlar bilan ish tajribasi asosida tavsiyalari berildi.

Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan dolzarb ma’ruzalar va takliflar asosida me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish lozimligi qayd etildi. Anjuman so‘ngida ma’lumotnoma e’lonini tayyorlash va ommaga taqdim etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top