12:26 / 29.03.2022
29342

Possovet davlatlarning ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan ilk rahbarlari haqida

2022 yil 28 mart kuni Ozarboyjonning birinchi prezidenti Ayoz Mutalibov 84 yoshida olamdan o‘tdi. Bu xabarning o‘ziga xos jihati shunda ediki, juda ko‘pchilik Ozarboyjon prezidenti deganda faqat ota-bola Aliyevlarni tushunar, ulardan oldin kimdir prezident bo‘lgani haqida tasavvurga ega emasdi.

Ayoz Mutalibov. 1992 y. Foto: RIA Novosti/ Yuriy Abramochkin

Ayoz Mutalibov davri tartibsizliklar, qon to‘kilishi bilan kechgan va uning o‘zi mamlakatni tashlab qochishga majbur bo‘lgandi. Umuman, possovet davlatlarda bir muddat hokimiyat tepasida bo‘lgan, ammo yangi tarixda iz qoldira olmagan boshqa prezidentlar ham bor.

Tojikiston

Qo‘shni davlat rahbari deganda hammaning ko‘z o‘ngiga “Millat peshvosi” (bu Imomali Rahmonning rasmiy maqomlaridan biri) keladi. Ammo “Tinchlik va milliy birdamlik asoschisi” (bu ham) Tojikistonning birinchi emas, uchinchi (ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra beshinchi) prezidenti hisoblanadi.

Tojikistonning birinchi prezidenti Qahhor Mahkamov bo‘lgan. Ammo bu lavozim hali ramziy bo‘lib, amalda hali ittifoq tarqalmagan, shunchaki bosh kotib nomi barcha respublikalarda o‘zgarayotgandi. Kompartiyaning sobiq rahbari bo‘lgan Qahhor Mahkamov 1990 yilning 30 noyabridan 1991 yil 31 avgustigacha prezidentlik qilgan.

Imomali Rahmon va Qahhor Mahkamov

Undan keyin 23 kun davomida Qadriddin Aslonov prezidentlik vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. Keyin Rahmon Nabiyev 13 kun prezidentlik qilgan, undan so‘ng Akbarsho Iskandarov 55 kun prezidentlik v.b...

Keyin Rahmon Nabiyev lavozimga qaytgan va 7 oy davlatni haminqadar boshqargan. Talato‘plar, fuqarolik urushlari bilan kechgan bu davrda prezident sirli ravishda vafot etgan va shu bilan ma’lum muddat prezidentlik lavozimi ham tugatilgan.

Davlat 1992 yil 20 noyabridan 1994 yil 16 noyabriga qadar Oliy sovet raisi tomonidan boshqarilgan va bu lavozimda Imomali Rahmonov ishlagan. Keyinchalik prezidentlik lavozimi qayta tiklanadi va yangi tarix hammaga ma’lum.

Qirg‘iziston

Askar Akayev. russianlook.com

Askar Akayevni o‘zbekistonliklar yaxshi bilishadi. O‘zi olim bo‘lgan prezident mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan va ayni paytda Moskvada yashaydi. Umuman, bu qo‘shnilar prezident almashinuvi bo‘yicha “rekordchi” hisoblanishadi va shu paytgacha 8 kishi (so‘nggi 17 yilda 7 kishi) davlatni boshqarishga ulgurdi. Askar Akayev, Kurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atambayev, Sooronbay Jeenbekov, Sadir Japarovni ko‘pchilik taniydi.

Ammo bular bilan birga Ishenbay Qadirbekov, Talant Mamitov kabi siyosiy arboblar ham qisqa muddatdan prezidentlik vazifasini bajarishgan.

Qozog‘iston

Bu davlat prezidentlar bo‘yicha “boy tarix”ga ega emas. Nursulton Nazarboyev 1990 yildan 2019 yilga qadar Qozog‘istonni uzluksiz boshqarib keldi va o‘z ixtiyori bilan iste’fo berdi. Qator maqomlarni saqlab qolganidan so‘ng safdoshi Qosim-Jo‘mart To‘qayevga ishonch bildirdi va o‘zi faxriy lavozimlarda turli tadbirlarda qatnashib yurdi. Ammo Qozog‘istonda kechgan so‘nggi tartibsizliklarda Elboshi va uning yaqinlari asosiy nishonga aylanishdi. Ularning shu paytgacha daxlsiz hisoblangan maqomi hamda obro‘yiga jiddiy putur yetdi.

Turkmaniston

Bu davlatda shu kunlarda uchinchi prezident ish boshladi. Biri vafot etdi, ikkinchisi “yoshlarga imkon berish zarurligi”ni ta’kidlab, yangi saylovlar o‘tkazishni taklif qildi.

Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurat Niyozov sobiq ittifoq tarqalguncha ham respublikani boshqarib kelayotgan edi. Shuningdek, u mustaqillikka ham boshqalar kabi shoshilmagan. 1991 yilning 27 oktyabri Turkmaniston mustaqilligi kuni va Niyozovning rasman prezidentlikka kirishgani bilan tarixda qolgan.

1999 yildan umrbod prezidentlik maqomini egallagan turkmanboshi haqiqatan ham umrining oxiriga qadar – 2006 yilning 21 dekabriga qadar hokimiyat tepasida bo‘ldi. Undan keyin hammamiz biladigan Gurbanguli Berdimuhammedov Arqadag‘ maqomida 15 yil davlatni boshqargan bo‘lsa, ayni paytda bu lavozimni uning o‘g‘li Serdar Berdimuhammedov egallagan.

Belarus

Bu davlat tarixida birinchi va yagona prezident bor xolos – Aleksandr Lukashenko. U 28 yildan beri Belarusni uzluksiz boshqarib kelmoqda. Gap shundaki, 1994 yilga qadar bu respublikada prezidentlik lavozimi bo‘lmagan, Lukashenko ham muxolifat tarkibida edi. Davlat Oliy sovet raisi tomonidan boshqarilar, 1990-yillar boshida bu lavozimda Stanislav Shushkevich ishlagandi.

Stanislav Shushkevich / Sergey Guneyev / RIA Novosti

Shushkevich SSSR parchalanganini rasman anglatuvchi Belovej kelishuvini imzolagani bilan tarixda qolgan. 1994 yil 23 iyundagi birinchi tur saylovida 6 kishi “taxt talashgan”. Unda 44,82 foiz ovoz olgan Lukashenko 10 iyuldagi keyingi turda 80,34 foizlik natija ko‘rsatdi. Qizig‘i, Lukashenko hatto prezidentlikka saylanguniga qadar ham “Gorodets” sovxozi direktorligidan bo‘shamagan. Ya’ni u rasman sovxoz direktorligidan davlat boshqaruviga o‘tgan.

2001, 2006, 2010, 2015 va 2020 yillarda o‘tkazilgan keyingi beshta saylovda ham bu natija aytarli o‘zgarmadi. Noroziliklar kuchaydi, 2020 yildagisi ayniqsa og‘ir kechdi. Shunga qaramay Lukashenko jilovni saqlab qola oldi.

Ukraina

Leonid Kravchuk, 1992 y. / Sergey Guneyev / RIA Novosti

Bu davlat prezidentlik tarixi bo‘yicha alohida e’tiborga molik. Chunki saylovlar hamisha qizg‘in, murosasiz va mojarolar bilan kechadigan Ukraina bugun butun dunyo diqqat markazida. Shuningdek, davlat boshqaruviga komik aktyor kelgani ham ko‘pchilik uchun g‘ayritabiiy tuyiladi.

Mustaqil Ukrainani shu paytgacha 6 nafar prezident boshqargan:

1. Leonid Kravchuk (1991—1994, Belovej kelishuviga imzo chekkani bilan yodda qolgan);

2. Leonid Kuchma (1994—2004);

3. Viktor Yushchenko (2005—2010);

4. Viktor Yanukovich (2010—2014, prezidentlikdan qochib qutulgan);

5. Pyotr Poroshenko (2014—2019);

6. Vladimir Zelenskiy (2019 yildan buyon).

Moldova

Mircha Snegur. 1992 yil. Foto: RIA Novosti/ Sergey Guneyev

Ayni paytda bu davlatni possovet hududdagi yagona vakolatli ayol prezident – Mayya Sandu boshqarib kelmoqda. Unga qadar 1990-2020 oralig‘ida Mircha Snegur, Pyotr Luchinskiy, Vladimir Voronin, Nikolay Timofti, Igor Dodon kabi prezidentlar davlatni boshqarishgan.

Mircha Snegur 1990 yilda prezidentlik maqomini egallagan va aynan uning davrida mamlakat o‘z mustaqilligini e’lon qildi. U bu lavozimda 1997 yilga qadar faoliyat yuritdi.

Gruziya

Bu davlat ayni paytda parlamentar boshqaruvga o‘tgan va Salome Zurabishvili ramziy prezident lavozimini egallagan bo‘lsa-da, o‘tmishda Gruziya prezidentligi juda katta mojarolar markazidagi va hamisha omma e’tiborida bo‘ladigan lavozim edi. Ayniqsa 2004-2013 yillardagi Mixail Saakashvili davri keng ko‘lamli islohotlar va katta o‘zgarishlar bilan esga olinadi. Ko‘pchilik Gruziyaning Saakashvilidan oldingi va birinchi prezidenti sifatida Eduard Shevardnadzeni biladi. Lekin Shevardnadze 1995 yildagina rasman prezident maqomini egallagan va 2000 yilda qayta saylanib, 2004 yildagi “Atirgul inqilobi”dan keyin lavozimdan voz kechishga majbur bo‘lgan.

Zviad Gamsaxurdiya (1939-1993), ona Tereza (1910-1997) va gruzin dissidenti, musiqachi va shoir Merab Kostava (1939-1989)
© photo: Sputnik

Gruziyaning birinchi prezidenti esa Zviad Gamsaxurdiya bo‘lib, aynan uning davrida Gruziya mustaqillikka erishadi va ilk bor prezidentlik lavozimi joriy etiladi. Ammo 1992 yilda davlat to‘ntarishi amalga oshiriladi va Gamsaxurdiya shubhali tarzda vafot etadi. O‘shanda hokimiyat tepasiga Eduard Shevardnadze kelgan bo‘lsa-da, u Respublika Davlat Kengashi raisi degan lavozimni egallaydi, 1995 yilga qadar Gruziyada prezidentlik lavozimi vakant bo‘lib qoladi.

Armaniston

Levon Ter-Petrosyan. Foto: RIA Novosti/ Mxitar Xachatryan

2018 yilga qadar Armaniston to‘laqonli prezident boshqaruvida bo‘lgan va 3 kishi davlat rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Levon Ter-Petrosyan 1991-1998 yillarda, Robert Kocharyan 1998-2008 va Serj Sargsyan 2008-2018 oralig‘ida, ya’ni har biri qat’iy ikki muddatdan prezidentlik qilishdi.

2018 yilda boshqaruv parlamentar respublikaga o‘zgardi, Sargsyan o‘zi bosh vazir bo‘lib olmoqchi bo‘ldi, ammo inqilob yuz berib, hokimiyatga Nikol Pashinyan keldi.

Sargsyandan keyin prezident lavozimini egallagan Armen Sarkisyan esa 2022 yil fevralida amalda mamlakat ichki va tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkaza olmasligidan norozi bo‘lib, iste’fo berdi. Uning o‘rniga yagona nomzod – yuqori texnologiyalar sanoati vaziri Vaagn Xachaturyan prezidentlikka kirishdi, ya’ni kurash ham bo‘lmadi.

Latviya, Litva va Estoniya kabi Boltiqbo‘yi davlatlari allaqachon yevropacha saylovlar va parlamentar boshqaruvga o‘tishgan. Eng yirik davlat bo‘lgan Rossiyaning bu boradagi tarixi esa alohida mavzu.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top