08:32 / 01.04.2022
9942

O‘zbekiston va Tojikiston uchta yangi yo‘nalishda avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ydi

Bir qator xalqaro avtobus yo‘nalishlarida tajriba-sinov tariqasida qatnovlar tiklanish arafasida. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Transport vazirligi

Qayd etilishicha, Tojikistonning «Xolding Aziya Grupp Tadjikistan» korxonasi yaqin orada O‘zbekistonning qator shaharlariga tajriba tariqasida xalqaro avtobus qatnovlarini boshlaydi.

Joriy yilning 2 aprel kunidan e’tiboran korxona Dushanbe – Termiz, Dushanbe – Denov hamda Panjikent – Samarqand yo‘nalishlarida tajriba-sinov tariqasida qatnovlarni amalga oshiradi.

Dushanbe – Termiz yo‘nalishida qatnov masofasi 251 km bo‘lib, yo‘nalishni bosib o‘tishga 5 soat 40 daqiqa vaqt sarflanadi.

Dushanbe – Denov yo‘nalishi qatnov masofasi 107 km, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt 2 soat 25 daqiqani tashkil etadi. 

Panjikent – Samarqand yo‘nalishi qatnov masofasi 64 km bo‘lib, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 25 daqiqa. 
   
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Toshkent – Xo‘jand va Qo‘qon – Xo‘jand yo‘nalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirib kelinmoqda.

Top