07:44 / 02.04.2022
14457

Ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Foto: TASS

Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi («O‘zdavzaxira») «O‘zdonmahsulot» AK va xususiy korxonalar bilan birgalikda 2022 yil aprel — iyul oylarida Qozog‘istondan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish bo‘yicha taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston hukumati, Qozog‘istonning «Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya» milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bug‘doy (un) eksport qiluvchi boshqa korxonalari bilan O‘zbekistonga 100 ming tonna bug‘doyni (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish bo‘yicha kelishuvga erishishni ta’minlaydi.

Bunda, «O‘zdavzaxira» qo‘mitasi tomonidan Qozog‘istonning «Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya» milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bug‘doyni eksport qiluvchi boshqa korxonalaridan 2022 yil aprel — iyul oylarida 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyni (bir qismi un) yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari imzolanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan yana 500 ming tonna bug‘doyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritadi.

Import qilingan bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘i hajmlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining takliflari asosida birja savdolari orqali sotilishi belgilab qo‘yildi.

Top