12:50 / 04.04.2022
12777

Izboskanda fermerlarga archa ko‘chati olib kelish buyurildi. Ko‘chatlar Qoraqalpog‘iston uchun

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Andijon viloyati Izboskan tumanida faoliyat olib boruvchi fermerlarga tuman hokimi Serobiddin Ismoilov tomonidan Qoraqalpog‘istonga olib ketish uchun 20 tupdan archa ko‘chati olib kelish topshirig‘i berilgan.

Topshiriq 28 mart kuni barcha fermerlarga bir vaqtda yuborilgan. Kun.uz muxbirining mazkur xabar bo‘yicha tuman hokimligi matbuot xizmatidan izoh olish uchun urinishlari besamar ketdi.

Fermerlarga yuborilgan sms-xabarda shunday yoziladi: «Ertaga soat 10:00 da tuman qishloq xo‘jaligi idorasiga 20 tadan archa ko‘chati OLIB keling. Qoraqalpoqqa, hokim topshirig‘i».

Kun.uz muxbiri fermerlarga ushbu sms xabarni yuborgan raqam egasi bilan telefon orqali gaplashdi. O‘zini   Oyatillo deb tanishtirgan shaxs tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi ekanini, ushbu xabar faqat bir kishiga yuborilishi kerak bo‘lgani, ammo xatolik tufayli barcha fermerlarga ketib qolganini aytgan.

Ammo, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan fermer ushbu topshiriq fermerlarning telegramdagi guruhiga ham tashlanganini va ko‘p o‘tmay o‘chirib yuborilganini ta’kidladi.

Surishtiruv davomida ma’lum bo‘ldiki, Izboskan tumaniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi «Juzim bog‘» OFY biriktirilgan. Ko‘chatlar ham ayni shu hududga olib ketilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yaqindan yordam berish Andijon viloyati faollariga yuklatilgan.

Shu kunlarda Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Kegeyli tumanida bo‘lib qaytdi.

Bu Andijon viloyatida hokimlar tomonidan tashkilotlarga majburiy ko‘chat soliqlari solinishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Avvalroq «Yashil makon» aksiyasi doirasida Xonobod shahri hokimi tomonidan tashkilotlardagi xodimlarga 20 tupdan pavlovniya ko‘chati olib kelish topshirig‘i berilgani xabar qilingandi.

Mazkur xabarga shahar hokimligi ham, viloyat hokimligi ham munosabat bildirmagandi.

 

Mavzuga oid
Top