22:28 / 04.04.2022
72736

Tarixning qora sahifasi. Bucha voqealariga dunyodagi reaksiya

Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘shinlari qariyb bir oy davomida Kiyev oblastidagi Bucha shahrini egallab turishdi — bir necha kun muqaddam ular shaharni tashlab ketishgan. Ular chekingach butun dunyo Rossiya o‘zidan Bucha Kiyev atrofidagi boshqa aholi punktlarida nimalar qoldirganiga guvoh bo‘ldi: ko‘chalarda tinch aholi vakillarining jasadlari yotar, ayrimlarning qo‘llari bog‘langan va boshidan otilgandi. Buchadagi voqealarga Ukraina, Rossiya va butun dunyodagi jamoat faollari, siyosatchilar, iqtisodchilar va jurnalistlar munosabat bildirishmoqda.

Olaf Shols
GFR kansleri

Ukrainadan qo‘rqinchli va dahshatli kadrlar yetib keldi. Yaqingacha rossiyalik harbiylar nazoratida bo‘lgan Bucha shahrida tinch aholi vakillari, jumladan ayollar, bolalar va keksalar otilgan. Men ushbu vahshiyliklar hujjatlashtirilishi uchun xalqaro tashkilotlarga ushbu hududlarga kirishga ruxsat berilishini talab qilaman. Biz rossiyalik harbiylarning jinoyatlarini tergov qilishimiz va aybdorlarni javobgarlikka tortishimiz kerak.

Antoniu Guterrish
BMT bosh kotibi

Men Buchada tinch aholi vakillari o‘ldirilgani tasvirlaridan larzaga keldim. Mustaqil tergov o‘tkazilishi, so‘ng [aybdorlar] jinoiy javobgarlikka tortilishi juda muhim.

Emmanuel Makron
Fransiya prezidenti

Kiyev yaqinidagi ozod qilingan Bucha shahrida olingan fotosuratlarga qarash og‘ir. Qo‘rqoqlarcha o‘ldirilgan yuzlab tinch aholi vakillari ko‘chalarda yotibdi. Qurbonlar uchun hamdardlik bildiraman, ukrainlar bilan birdamman. Rossiya hukumati bu jinoyat uchun javob berishi shart.

Ursula fon der Lyayyen
Yevropa komissiyasi prezidenti

Rossiya chiqib ketayotgan hududlarda so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan xabarlardan qattiq iztirobdaman. Zudlik bilan mustaqil tekshiruv o‘tkazilishi kerak. Harbiy jinoyatlar uchun aybdorlar javobgarlikka tortiladi.

Sharl Mishel
Yevropa kengashi prezidenti

Kiyevning ozod qilingan hududlarida rossiyaliklar armiyasi sodir etgan vahshiyliklar kadrlari meni shokka tushirdi. YeI Ukraina va nodavlat tashkilotlariga xalqaro sudlarda jinoiy javobgarlikka tortish uchun zarur dalillarni yig‘ishda yordam ko‘rsatadi. Keyingi sanksiyalar va YeIning yordami yo‘lga chiqqan. Ukrainaga shon-sharaf!

Boris Jonson
Buyuk Britaniya bosh vaziri

Rossiyaning Irpen va Buchada tinch aholi vakillariga uyushtirgan qabihona hujumlari Putin va uning armiyasi Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etayotganining yana bir dalilidir.

Kremlning raddiyalari yoki dezinformatsiyasi biz barchamiz bilgan haqiqatni yashira olmaydi — Putin umidsizlikda, uning bosqini muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Ukrainaning qat’iyati har qachongidan ham kuchli. 

Men Putinning harbiy mashinasini yo‘q qilish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Biz sanksiyalarimiz va harbiy yordamimizni kuchaytirmoqdamiz, shuningdek joylardagi muhtojlarga yordam berish uchun insonparvarlik yodami paketini kengaytirmoqdamiz.

Mario Dragi
Italiya bosh vaziri

Bucha va Ukraina armiyasi tomonidan ozod qilingan boshqa rayonlarda sodir etilgan jinoyatlar tasvirlari qalblarni yaralaydi. Himoyasiz tinch aholiga nisbatan beshafqat qatag‘on qo‘rqinchli va toqat qilib bo‘lmas holat. Rossiya hukumati zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishi, tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishni bas qilishi kerak. Ular nima bo‘lgani to‘g‘risida hisob berishiga to‘g‘ri keladi. Italiya bu dahshatni qat’iyan qoralaydi va Ukraina hamda uning fuqarolari bilan birdamligini bildiradi.

Mayya Sandu
Moldova Respublikasi prezidenti

Bucha va Ukrainaning boshqa shaharlaridagi vahshiyliklarga qarab bo‘lmaydi. Tinch aholiga nisbatan shafqatsizlikdan shokdaman. Moldova insoniyatga qarshi bu jinoyatni, Ukrainaga qarshi bu noqonuniy va asossiz urushni keskin qoralaydi. Moldovada Ukrainada halok bo‘lganlar xotirasi uchun motam e’lon qilinadi.

Kaya Kallas
Estoniya bosh vaziri

Irpen va Bucha shaharlarida rossiyalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan tinch aholi vakillari suratlari sovetlar va natsist rejimlari tomonidan sodir etilgan qirg‘inlarni eslatadi. Bu jang maydoni emas, bu jinoyat joyi. Ukrainada Rossiya tomonidan tinch aholi vakillari ommaviy o‘ldirilishi yaqqol harbiy jinoyatdir.

Buni to‘xtatish uchun bizga jasorat, axloqiy soflik va ko‘proq harakatlar kerak. Loqaydlik — barcha jinoyatlar onasidir. Dalillar to‘planishi, sud uchun saqlab qo‘yilishi, jinoyatchilar esa adolat posponlari qo‘liga topshirilishi kerak. Bizga imkon qadar tez fursatda YeIning qat’iy sanksiyalarining beshinchi bosqichi kerak. Nihoyat, bizning ustuvor vazifamiz Ukrainaga harbiy yordamni ko‘paytirish bo‘lishi kerak. Ular o‘z shaharlarini qaytarishi va odamlarni Rossiya bosqini va qatag‘onidan qutqarishi kerak.

Aleksey Furman
fotograf

Kecha Kiyevdan uzoq bo‘lmagan hududdagi Dmitrovka qishlog‘idagi vayrongarchiliklarni tasvirga olganimizdan keyin, biz yo‘lning Kiyevdan Jitomirgacha bo‘lgan qismini, aniqrog‘i  — Mila [qishlog‘i]dan Mriya [qishlog‘i]gacha bo‘lgan uchastkasini ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldi. Biz fuqarolarning yonib ketgan ko‘plab avtomobillarini ko‘rdik, ularning ichida kuyib ketgan odam jasadlari yotardi. Aftidan, rossiyaliklar avvaliga bu odamlarni o‘ldirishgan, keyin o‘z harbiy jinoyatlari izini yashirishga uringan.

Erkaklardan birining qo‘li skotch bilan bog‘langandi. Katta ehtimol bilan uni asirga olishgan.

Bu odamlar shunchaki xavfsiz joyga ketmoqchi bo‘lishgan. Shunday oilalardan birining o‘ldirilishi ukrainlar droni tomonidan tasvirga olingandi — video butun dunyoga tarqalgan. Ota qo‘lini ko‘targan, shundan keyin uni otib tashlashgan, rafiqasi esa o‘z tanasi bilan o‘g‘lini to‘sgan.

Men insoniyatga ishonaman. Ammo kecha ko‘rganlarim insoniylik emasdi. Odamlar bunday vahshiylikka qodir deb o‘ylash qiyin. Ammo, biz ko‘rdikki, rossiyaliklar bunga qodir ekan. Bucha va Irpenda aniqlangan yuzlab jasadlar — bu noinsoniylikning birinchi dalili emas va ko‘p ehtimol bilan, oxirgisi hammas. Men ko‘rgan narsalar — harbiy jinoyatdan o‘zga narsa emas.

Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti

Buxarest, NATO sammiti deklaratsiyasi. 3 aprel, 14 yil oldin. Buning oldini olish mumkin edi. Rossiya kelmasligi uchun. Bucha, Kiyev oblasti. Endi Rossiya kelgan. Rossiyalik harbiylarning onalariga ko‘rishni tavsiya qilaman [Buchadagi suratlarni]. Qarang, siz qanday razillarni o‘stirgansiz. Qotillar, talonchilar, jallodlar. 

Yyens Stoltenberg
NATO bosh kotibi

Biz Yevropada tinch aholi vakillariga nisbatan bunday shafqatsizlikni o‘nlab yillardan buyon ko‘rmagandik. Oddiy fuqarolar nishonga aylanishi va ularni o‘ldirishlari dahshatli va bunga toqat qilib bo‘lmaydi. Bu urush yakunlanishi kerak.

Annalena Berbok
Germaniya tashqi ishlar vaziri

Buchadan kelgan suratlarga chidab bo‘lmaydi. Putinning shafqatsizligining chek-chegarasi yo‘q, u begunoh oilalarni yo‘q qildi. Harbiy jinoyat uchun javobgarlar jazolanishi kerak. Biz Rossiyaga qarshi yanada qat’iy sanksiyalar kiritamiz va Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.

Aleksey Arestovich
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi

Bucha, Irpen va Gostomel — ozod qilingan bu shaharlardagi manzaralar qo‘rqinchli filmlardagi postapokaliptik kadrlarni eslatadi.

Bucha, Irpen va Gostomelda sodir bo‘lgan voqealardan dunyo dahshatga tushishi kerak. Afsuski, men Ukrainaning boshqa shaharlaridagi kartinka yaxshiroq deb o‘ylamayman. Ammo Ukraina qurolli kuchlari, boshqa mudofaa kuchlari va Ukraina maxsus xizmatlari jinoyatchilarni topish va jazolash uchun barcha ishni qilishadi. Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi. Bugunga boshqa yangilik bo‘lmaydi. Dunyo dahshatga tushishi kerak.

Jo Bayden
AQSh prezidenti

Balki, eslarsiz, Putinni harbiy jinoyatchi deganim uchun tanqid qilishgandi. Buchada nimalar bo‘lganini ko‘rdingiz. Bu u harbiy jinoyatchi ekanini tasdiqlaydi. Ammo biz ma’lumot yig‘ishimiz kerak. Biz Ukrainani qurollar bilan ta’minlashda davom etishimiz kerak, ularga kurashni davom ettirish uchun qurollar kerak, va biz harbiy jinoyatchilar ustidan sud o‘tkaza olishimiz uchun barcha detallarga ega bo‘lishimiz kerak.

Entoni Blinken
AQSh davlat kotibi

Bu tasvirlarda hayotga berilgan zarbani sezmaslik mumkin emas. Biz rossiyalik harbiylar harbiy jinoyat sodir qildi deb hisoblaymiz va bu xatti-harakatlarni hujjatlashtirish ustida ishlaymiz, shuningdek o‘zimizdagi mavjud ma’lumotlarni tegishli tashkilotlarga taqdim etamiz. Bu qilmish uchun javobgarlik bo‘lishi kerak.

Jozep Borrell
Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari

Bucha va Ukrainaning boshqa shaharlaridagi qirg‘inlar Yevropa zaminida sodir etilgan vahshiyona harakatlar ro‘yxatiga tirkaladi. Rossiya hukumati okkupatsiya vaqtida sodir etilgan bu vahshiylik uchun mas’ul. Aybdorlar javobgarlikka tortiladi.

Anjyey Duda
Polsha prezidenti

Jinoyatchini jinoyatchi deyish kerak, javobgarlikka tortish va sudda jazoga mahrum etish kerak. Buchadagi tasvirlar har qanday holatda ham murosaga intilish kerak degan ishonchni rad etadi. Aslida Ukraina himoyachilariga hammasidan ham muhim uch narsa kerak: qurol, qurol va yanada ko‘p qurol.

Jastin Tryudo
Kanada bosh vaziri

Biz Ukrainada tinch aholi vakillari o‘ldirilishini keskin qoralaymiz, Rossiyadagi tuzumni javobgarlikka tortishga intilish va Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etamiz. Ushbu dahshatli va kishini g‘azablantiruvchi hujum uchun mas’ullar javobgarlikka tortiladi.

Yair Lapid
Isroil tashqi ishlar vaziri

Kiyev yaqinidagi Bucha shahridan rus armiyasi ketganidan keyingi qo‘rqinchli kartinaga befarq bo‘lish imkonsiz. Tinch aholiga qasddan zarar yetkazish harbiy jinoyat hisoblanadi va men uni qat’iyan qoralayman.

Fumio Kisida
Yaponiya bosh vaziri, iqtibos 4 aprel kun Tokioda o‘tgan matbuot anjumanidan

Kiyev atrofida tinch aholiga nisbatan qilingan so‘ravonlikni Kisida «xalqaro huquq buzilishi» deb atagan. U shuningdek Yaponiya Rossiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalar bo‘yicha xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishini aytgan. «Biz inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar va xalqaro huquqni buzuvchi xatti-harakatlarni keskin qoralashimiz kerak», — degan Kisida.

Jasinda Ardern
Yangi Zelandiya bosh vaziri, iqtiboslar 4 aprel kuni Vellingtonda o‘tkazilgan matbuot anjumanidan

Rossiya qilgan ishi uchun butun dunyo oldida javob berishi kerak.

Albatta, biz xalqaro hamjamiyat sifatida [Buchada] guvoh bo‘lgan holat, Rossiya tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar dalilidir.

Alal-oqibat, bu [Rossiyaning urush jinoyatlari uchun sud qilinishi] Xalqaro jinoiy sud tomonidan amalga oshirilishi kerak, ammo dalillar mavjud va Yangi Zelandiya bunday dalillarni to‘plash va Rossiyani javobgarlikka tortishda prokuraturani organlariga ko‘mak beradi.

Xristo Grozev
Tadqiqotchi-jurnalist

[Irpenda olingan suratlarda] — Rossiyaning ozod qilish operatsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi oqibatlari aks etgan. Rossiyaning oddiy fuqarolari umrining oxiriga qadar reparatsiya sifatida to‘lashi kerak bo‘lgan haqiqiy narxni tushunarmikan?

Katerina Malafeyeva
ukrainalik jurnalist, Motijin qishlog‘i boshlig‘i Olga Suxenko va uning oilasi haqidagi nekrolog muallifi

Ular qishloq ahli uchun jon kuydirishdi, barcha bilan aloqada bo‘lishga, oziq-ovqat bilan yordam berishga harakat qilishdi. Imkonsiz ishlarni qilishdi — gumanitar koridorlarsiz qishloqdoshlarining va Kiyevdan Motijinga xavfsiz joy izlab kelganlarning evakuatsiyasini tashkillashtirishdi. Ammo Motijin ko‘pchilik uchun xavfsiz joy bo‘lmadi. Ularning o‘zi uchun ham. Motijin minnatdor. Motijin oilaga chin dildan hamdardlik bildiradi. Motijin hech qachon unutmaydi.

Dmitriy Komarov
ukrainalik teleboshlovchi, «Mir naiznanku» dasturi muallifi

Tongda Patrul politsiyasi departamentining ilk kolonnasi ozod qilingan Buchaga kirdi. Bugundan gumanitar yordam yetkazib berish boshlandi. Hammasidan ham eng keragi non. Odamlar nonni ko‘rib yig‘lamoqda. Qo‘rqinchli vayronalar va Rossiya armiyasi vahshiyligi — ular tinch shahar va tinch aholini yakson qilishdi. Shafqatsizlarcha, qo‘llarini bog‘lab qo‘yib, odamlarni o‘ldirishdi. Talashdi. Ko‘tarish mumkin bo‘lgan barcha narsani olib ketishdi. Ketishda minalash mumkin bo‘lgan barcha joyni minalashdi. Misli ko‘rilmagan darajada shafqatsizlik va g‘ayriinsoniylik.

Oldinda ish ko‘p. Tiklaymiz va qayta quramiz. Qurolli kuchlar, politsiya, milliy gvardiya va boshqa barcha tuzilmalarimizdagi qahramonlarimizga shon-sharaflar. Irpen ozod etildi. Bucha ozod etildi. G‘alaba yaqin. Ukrainaga shon-sharaf!

Tomas Hendrik Ilves
Estoniyaning sobiq prezidenti

G‘arbdagi har bir jiddiy nashr Shols, Makron, Orban, Bayden va boshqalardan Buchadagi qirg‘in haqida nima deyishlarini so‘rashi kerak. Va ular endi nima qilmoqchiligini.

Buchadagi ko‘chalardan birida yotgan jasadlar
Ronaldo Schemidt / AFP / Scanpix / LETA

Konstantin Sonin
iqtisodchi

Bu kadrlarni hozir butun dunyo ko‘rmoqda. Kiyev yaqinidagi Buchada qo‘llari bog‘liq holda qatl qilingan tinch aholi vakillari. Ularni urushning bir necha haftasi mobaynida egallab turgan rossiyalik askarlar o‘ldirishgan.

Kseniya Yudayeva, Maksim Oreshkin, Aleksey Kudrin — siz jinoyatchilar uchun ishlamoqdasiz. Hatto agar [Vladimir] Putin, [Sergey] Shoygu, [Sergey] Lavrov, [Valeriy] Gerasimov, [Valentina] Matveyenko, [Dmitriy] Peskov va boshqalar adolatli suddan va dordan qutulib qolsa ham, bu kadrlarni hech kim va hech qachon unutib yubormaydi.

Otilgan odamlar har qanday tarix darsligi va istalgan biografiyada «Putin» so‘ziga hamroh bo‘ladi; Rossiyaning har qanday tarixida bu qora, qora sahifa bo‘ladi. Ammo bundan ham yomoni bor — bu to‘da to‘xtatilmasa, hali yana ko‘plab jinoyatlar sodir etadi. Ammo ularda ishtirok etmasligingiz mumkin.

Va qo‘rqmaslik kerak. Men hibsga olinish qo‘rquvi qanday bo‘lishini bilaman, ammo to‘g‘risini aytganda hibsga olinish ham sizga chinakam tahdid solmaydi. Tahdid soladi ham deylik.  Mayli hibsga olishsin ham. Bu fotosuratlar yonida bo‘lish qo‘rqinchliroq emasmi?

Aleksandr Shcherba
Ukrainaning Avstriyadagi elchisi

Kecha yaxshi kun edi — Rossiyani Kiyev oblastidan quvib solishdi. Bugun yomon kun: biz ular o‘zidan nima qoldirganini ko‘rdik. Rus tili ona tillaridan biri bo‘lgan va rus madaniyatini yaxshi ko‘radigan odam sifatida men tom ma’noda tildan qoldim. Tolstoy va Chaykovskiyni unuting. Rossiya endi varvarlikni anglatadi.

Arnaud Komte
France 2 telekanalining fransuz jurnalisti, u voqealar joyida bo‘lib, ayollarning jasadlarini suratga olgan

Bu qalbni larzaga soluvchi suratni Ukrainaning Irpen shahrida oldim. Yosh ayol uydan qochib chiqish vaqtida snaryad portlashidan halok bo‘lgan. Uning qo‘lida kalit, brelokda — Yevropa ramzi [Yevroittifoq bayrog‘i]. Yordamga kelmagan Yevropa. Ammo guvoh bo‘lgan.

Mixail Palinchak
fotograf

Hissiy jihatdan juda og‘ir kun. Parchalangan tanalar, vayron qilingan hayot va taqdirlar. Urushni istamagan, urushdan qochgan ammo ulgurmagan odamlarning keti uzilmas iztiroblari. Hozir bittadan ortiq surat qo‘yishga kuch yo‘q.

[Ulardan birida —] tinch aholi vakili bo‘lgan odamlar jasadi trassa bo‘yida yotibdi, Kiyevdan 20 kilometr masofada, Kiyev oblasti, Ukraina, 2022 yil 2 aprel. Mato ostida — bir erkak va bir necha kiyimsiz ayollar jasadlari. Ularni yo‘l yoqasida birgalikda yoqib yuborishga urinishgan.

Ukraina hududiy mudofaa qismi jangchisi trassa bo‘yida to‘rt kishi ustiga yopib qo‘yilgan matoni ko‘tarib qaramoqda. Jasadlarning bir qismi kuyib ketgan.
Mykhaylo Palinchak / SOPA / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Mitya Aleshkovskiy
«Nujna pomoshch» xayriya fondi va «Takiye dela» loyihasi sobiq direktori

Shaxsiy mas’uliyatni his qilib, qandaydir boshqacha yashay boshlashingiz kerak. Masalan, kechirim so‘rash mumkin yoki endi yolg‘on haqiqat bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligingiz kerak. Bu ham tavba qilishdir.

Agar har birimiz shaxsan, u yoki bu tarzda, ozmi-ko‘pmi, ammo baribir bo‘layotgan voqealarga, urushga, o‘z xalqiga qatag‘onlarga, anarxiyaga, millionlab odamlarning telbaligiga aloqador ekanimizni tushunib yetsak, agar buni hamma qabul qilsa, o‘shanda Rossiyada qandaydir kelajak borligiga umid paydo bo‘ladi. Biz o‘zimizdan javobgarlikni soqit qilar ekanmiz, barchamiz aybdor bo‘lib qolaveramiz.

Men Mitya Aleshkovskiy. Va men Buchada bo‘lgan ishlar uchun mas’uliyatni zimmamga olaman. Mariupolda bo‘lgan ishlar uchun. Kiyev, Xarkov, Chernigov, Jitomir, Lvov, Nikolayev, Odessa va mustaqil Ukrainaning boshqa shaharlari o‘qqa tutilishi uchun. Donbassda shu 8 yil davomida bo‘lgan barcha ishlar uchun. Rossiyada sodir bo‘lgan va sodir bo‘layotgan ishlar uchun.

Men buyog‘iga qanday yashashimni, qayerda yashashimni va nima ish qilishimni bilmayman. Men bilamanki, endi hech qachon yolg‘on va yovuzlik tantana qilishi va hukmron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman.

Dmitriy Kuleba
Ukraina tashqi ishlar vaziri

Buchadagi qirg‘in qasddan amalga oshirilgan. Ruslar imkon qadar ko‘proq ukrainlarni yo‘q qilishni ko‘zlagan. Biz ularni to‘xtatishimiz va quvib yuborishimiz kerak. Men yangi qat’iy sanksiyalarni talab qilaman: neft, gaz, ko‘mirga embargo; barcha portlarni Rossiya kemalari va tovarlari uchun yopish; Rossiyaning barcha banklarini SWIFT’dan uzish.

Buchadagi birodarlik qabristonlaridan biri
Zohra Bensemra / Reuters / Scanpix / LETA

Aleksey Venediktov
«Exo Moskva» radiostansiyasining sobiq bosh muharriri

Bucha shahri. Dahshat. Xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarur.

Maksim Leonidov
musiqachi

Feysbuk so‘ramoqda: «Bugun sizda qanday yangilik?». Barcha shaxsiy yangiliklar ahamiyatini yo‘qotdi. Bizning barchamizda yangi gap faqat bitta. Bugun bu Bucha.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top