22:51 / 05.04.2022
100894

Bucha fojiasi: hozirgacha nimalar ma’lum?

Ukraina qariyb bir oy Rossiya harbiylari nazoratida bo‘lgan Buchada sodir etilgan harbiy jinoyatlar bo‘yicha tekshiruvlar boshladi. Shaharda tinch aholi vakillarining ko‘plab jasadlari topilgan, videolarda o‘nlab jasadlar ko‘chalarda yotganini ko‘rish mumkin.

Foto: Getty Images

Yakshanba kuni Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova Kiyev oblastining ozod bo‘lgan hududlarida tinch aholi vakillari bo‘lgan 410 kishining jasadi aniqlangani haqida ma’lum qildi. Bu yakuniy raqam emasligi, qidirish va jasadlarni ko‘zdan kechirish jarayoni ma’lum vaqt olishi qayd etilgan.

Dushanba kuni Venediktova yaqin vaqtlargacha ruslar tomonidan ishg‘ol qilingan boshqa shaharlardagi zo‘ravonlik qurbonlari soni Buchadagidan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U Kiyevdan shimoli-g‘arbda joylashgan Borodyankdan qo‘rqinchli ma’lumotlar kelishi kutilayotganini ma’lum qilgan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar rossiyaliklar tashlab ketgan hududlarda ko‘plab qotilliklar, zo‘ravonliklar va boshqa og‘ir jinoyatlar sodir etilganini qayd etgan.

Rossiya tomoni Buchadan olingan kadrlarni feyk deb atamoqda. Ammo Rossiya tomoni keltirgan barcha argumentlar mutaxassislar tomonidan rad etilgan.

4 aprel kuni New York Times nashri mart oyi davomida sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarni e’lon qildi. Ularda aprel oyi boshida e’lon qilingan video va suratlarda aks etgan jasadlar mart oy o‘rtalarida ham xuddi o‘sha joylarda yotganini ko‘rish mumkin.

Buchada nima bo‘lgan?
Ukrainaga bosqinning dastlabki kunlarida Buchaga kelgan Rossiya tanklari va zirhli texnikalari karvoni ukrainalik harbiylar hujumiga uchradi va oldinga harakatlana olmadi. Rossiya harbiylari Ukraina poytaxti yaqinidagi ushbu hududda joylashishdi va bu yerda mart oyi oxiriga qadar qolishdi.

Buchada yakson etilgan rossiyaliklar kolonnasi. Foto: BBC/LEE DURANT

Tinch aholi vakillarining ko‘p qismi ushbu hududdan qochib ketishgan, ammo qolganlar ham bor edi. Ko‘p qavatli uylarning hovlilarida ular gulxanlar yoqib, ovqat pishirib kun kechirishdi, chunki shaharda gaz, elektr va ichimlik suvi yo‘q edi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar erkaklar shaharni gumanitar yo‘laklar orqali tark etishiga yo‘l qo‘ymagan, shunga qaramay ketmoqchi bo‘lganlar esa, otib tashlangan.

Rossiya harbiylari ketgach, shaharga kirgan reportyorlar va rasmiylar ko‘chalardan birida kamida 20 nafar erkak jasadini uchratishgan. Ularning ko‘pchiligida og‘ir jarohat izlari bo‘lgan, ayrimlarning yuziga qarata o‘q uzilgan. Ayrim jasadlar ustidan tank yurib o‘tgan.

Dushanba kuni BBC muxbiri Yogita Limayye Buchadagi uy yerto‘lasida fuqarolik kiyimidagi yana besh kishining jasadini uchratgan. Ularning tanasida o‘qlardan qolgan izlar bo‘lgan, qo‘llari orqaga qilib bog‘langan.

Maxar kompaniyasi tomonidan 31 mart kuni olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Buchadagi cherkov binosi hovlisida qazilgan 14 metrli transheyani (ommaviy qabr) ko‘rish mumkin. Maxar ma’lumotida qayd etilishicha, cherkov hududida 10 mart kuni olingan tasvirlarda qazish ishlari olib borilayotgani aks etgan.

Bucha aholisining aytishicha, urushning dastlabki kunlaridagi ilk jasadlar shu yerga dafn etilgan, o‘shanda ham rossiyaliklar «kimni ko‘rishsa otishgan». Bu yerga ko‘milganlar soni 150 nafardan 300 nafargacha yetadi.

Rossiya ayblovlarga nima deb javob qilmoqda?

Rossiya rossiyalik harbiy xizmatchilar Buchadagi tinch aholi o‘ldirilishiga aloqadorligi bo‘yicha ayblovlarni rad etmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kremldagilar Buchadagi jasadlar videoyozuvlariga ishonmaydi, chunki bu videolarda feyk va soxtaliklar mavjud.

«Ko‘rib turganimizdek, videomateriallarga ko‘p jihatdan ishonib bo‘lmaydi, chunki ularda bizning mudofaa vazirligidagi mutaxassislarimiz tomonidan aniqlangan videomontaj hamda u yoki bu turdagi soxtalik belgilari bor. Faktologiya, voqealarning kalendar ketma-ketligi ham ushbu bayonotlarning ishonchliligi foydasiga emas. Biz har qanday ayblovlarni qat’iyan rad etamiz», degan u.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Buchadagi voqealar bo‘yicha izoh berarkan, u yerda «sahnalashtirish» bo‘lganini aytdi.

Mudofaa vazirligi ham Buchadagi qirg‘inga aloqadorligini tan olmagan. Vazirlik suratlar va videolarni «navbatdagi provokatsiya» va «G‘arb nashrlari uchun sahnalashtirilgan» deb atadi.

«Kiyev rejimi tomonidan e’lon qilingan, go‘yoki rossiyalik harbiy xizmatchilar tomonidan Kiyev oblasti Bucha shahrida sodir etilgan qandaydir jinoyatlardan darak beruvchi fotosuratlar va videomateriallar navbatdagi provokatsiya hisoblanadi. Bu aholi punkti Rossiya qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan vaqt davomida birorta ham mahalliy aholi qandaydir zo‘ravonlik harakatlaridan jabrlanmagan.

Bucha haqidagi xabarlar bir vaqtning o‘zida bir nechta xorijiy nashrlarda paydo bo‘ldi — bu rejalashtirilgan media kampaniyasiga o‘xshaydi. 30 mart kuni qo‘shinlar shaharni tark etganini hisobga olsak, bu kadrlar 4 kun davomida qayerda edi? Ularning bo‘lmagani faqat soxtalikni tasdiqlaydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Bu versiyalarning nimasi xato?
Rossiya tomonining argumentlaridan biri Buchadagi qirg‘inga oid videolar go‘yoki rossiyalik harbiylar shahardan ketishidan to‘rt kun o‘tib paydo bo‘lgani haqida.

3 aprel kuni Rossiya tomoni o‘z harbiylari Buchani 30 mart kuniyoq tark etganini ma’lum qildi. Ammo 1 aprel kuni Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador «Zvezda» telekanali dengiz piyodalari qismi komandirlaridan biri Aleksey Shabulinga asoslangan holda Rossiya dengiz piyodalari Gostomel - Bucha - Ozera yo‘nalishidagi aholi punktlarida «kelgusida ushbu hududlarda mustahkam o‘rnashish uchun tozalash ishlari olib borayotgani» haqida xabar tarqatgan.

Rossiya rasmiy nashrlari Ukrainadagi voqealar bo‘yicha ma’lumotlarni mudofaa vazirligi bayonotlaridan olishi majburiy qilib qo‘yilgan; aynan o‘sha kuni, 1 aprelda «Rossiyskaya gazeta» ham dengiz piyodalari va ularning Buchadagi topshirig‘i haqida xabar yozgan.

Faqat 1 aprel kuni kechqurunga kelib Bucha meri Anatoliy Fedoruk shahar ozod etilgani haqida ma’lum qildi (to‘g‘ri, u bu voqea 31 mart kuni ro‘y berganini aytgan). BBC muxbirlari ham 1 aprel kuni shaharga kirib, reportaj tayyorlagan.

Shu tariqa rossiyalik harbiylar Buchadan aynan 30 mart kuni ketgani haqidagi ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Bundan tashqari, rossiyalik harbiylar Bucha ko‘chalaridagi jasadlar aks etgan ilk videokadrlar «rossiyaliklar ketganidan to‘rt kun o‘tib», ya’ni 3 aprelda paydo bo‘lgani haqida da’vo qilishgan.

Ammo shahar ko‘chalaridan bunday videolar dastlab 1 aprel kuni tarqalgandi. O‘sha kuni shaharga Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari va politsiyachilar bilan birga jurnalistlar, xususan, xorijiy nashrlar jurnalistlari kirishgan va yo‘llarda o‘lib yotgan ko‘p sonli odamlarga guvoh bo‘lishgan.

BBC muxbirlari ham 1 aprel kuni Buchadagi ko‘chalardan birida tinch aholi vakillari bo‘lgan kamida 20 kishi jasadini sanashgan.

4 aprel kuni esa New York Times nashri Maxar Technologies tomonidan olingan tasvirlarni e’lon qildi. Gazetaning yozishicha, 9, 11, 19, 20 va 21 mart kunlari olingan tasvirlar Buchaning o‘nlab jasadlar aniqlangan Yablonskaya ko‘chasida 2 aprel kuni olingan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar bilan solishtirilgan. 

Mart oyi boshi va o‘rtalarida, shahar rossiyalik harbiylar qo‘lida ekanida olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida aks etgan siluetlar aprel oyidagi tasvirlarda aks etgan jasadlar joylashuvi bilan mos keladi.

Xususan, 9–11 mart kunlarida Yablonskaya ko‘chasidagi tasvirlarda inson tanasining o‘lchamidagi kamida 11 ta qora obekt paydo bo‘lgan va u yerda uch hafta yotgan. Ularning joylashuvi 2 aprel kuni Ukraina harbiylari tomonidan olingan videodagi odamlarning jasadlari yotgan joylar bilan to‘liq mos tushadi.

Jurnalistlar Yablonskayadan olingan va uch kishining jasadi aks etgan yana bir videoni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan solishtirib, jasadlar bu yerda 20–21 mart kunlari paydo bo‘lganini aniqlagan.

Rossiya tomoni hozircha bu tasvirlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirmadi, lekin bu videolar e’lon qilinganidan keyin ham Nyu-Yorkda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya matbuot anjumani o‘tkazib, Buchada tinch aholi vakillari o‘ldirilgani haqidagi tasvirlarni «rus harbiylarini obro‘sizlantirish, ularni noinsoniy ko‘rsatish va Rossiyada siyosiy bosim o‘tkazishga qaratilgan navbatdagi provokatsiya» deb atadi.

Nebenzya Rossiya tomoni dalillarini takrorlab, Bucha ko‘chalarida o‘ldirilgan odamlarning tasvirlari rossiyalik harbiylar bu shaharni tark etganidan bir necha kun o‘tib paydo bo‘lganini aytdi va Rossiya harbiylari ketgan vaqtdagi videoyozuvlarda jasadlar bo‘lmaganini ta’kidladi.

U BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya tomoni versiyasini tasdiqlaydigan qandaydir faktlarni ochiqlashini va’da qilgandi. Ammo 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi chiqishi davomida u biror yangi gap aytmadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top