07:33 / 06.04.2022
18834

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida noqonuniy yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan ikki qirg‘izistonlik halok bo‘ldi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi uchastkasida qurol qo‘llash bilan bog‘liq hodisa ro‘y berdi, deb xabar qildi Kabar.kg Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga tayangan holda.

Foto: Slutskiy Maksim / TASS

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Jalolobod viloyati Aqsi tumani Deyres qishlog‘ida Qirg‘izistonning bir necha fuqarolari O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda otda yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan. 

Ular O‘zbekiston hududidagi davlat chegara chizig‘idan 500 metr uzoqlikda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati chegara xizmati xodimlari tomonidan aniqlangan. Kontrabandachilar o‘zbek chegarachilarining to‘xtash haqidagi talabiga bo‘ysunmagan. 

«Ushbu fuqarolarni qo‘lga olish vaqtida janjal kelib chiqqan. O‘zbekiston chegarachilari o‘z hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish maqsadida qurol ishlatgan, natijada ikki fuqaro hayot uchun xavfli tan jarohatlari olib, halok bo‘lgan. Qolgan jinoyatchilar Qirg‘iziston hududiga qochishga muvaffaq bo‘lgan», deyiladi xabarda. 

O‘zbekiston chegarachilarining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston fuqarolari qiymati 20 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan kontrabanda yukini olib o‘tmoqchi bo‘lgan. 

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistondan bo‘lgan, biroq 2012 yilda Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular O‘zbekiston pasportini o‘zlari bilan olib yurgan. 

Kecha, 5 aprel kuni hodisa holatlarini o‘rganish uchun voqea joyiga borgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Chegarachilar voqea yuzasidan har bir tomon o‘z tekshiruvini o‘tkazishiga kelishib olgan.

Mavzuga oid
Top