18:47 / 07.04.2022
17539

«Ko‘zbo‘yamachilik davom etyapti» - prezident «Yashil makon» loyihasidagi kamchiliklar haqida

Joylarda jami 5 million tup ko‘chat aslida ekilmagani holida hisobotda qo‘shib yozilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kun tartibidagi ikkinchi masala — «Yashil makon» dasturi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. 

Qayd etilishicha, loyiha doirasida bahor mavsumida 125 million tup ko‘chat ekish reja qilingan.

«Mavsum tugashiga ham ozgina vaqt qoldi. Lekin bu borada qilingan ishlar ahvoli meni xavotirga solmoqda. Ayrim hududlarda hali ham ishlar nomigagina tashkil etilib, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotgani to‘g‘risida menda ma’lumotlar yetarli», degan prezident.

Misol uchun, joylarda haqiqatda ekilmagan jami 5 million tup ko‘chatlarni hisobotda qo‘shib yozish holatlari bor.

Shu bois mutasaddilarga aprel oyida barcha qoloqliklar va kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish topshirildi.

Umuman, aprel oyi yakuniga qadar viloyat hokimlari tegishli idoralar bilan birga: 

  • tumanlardagi yirik mahallalarga 20-30 ming, o‘rta mahallalarga – 10-15 ming, kichiklariga – 3-5 ming terak qalamchalari;
  • shaharlarning har bir mahallasiga 3-5 ming terak qalamchalari ekilishini ta’minlashi;
  • avtomobil yo‘llari bo‘yida kamida 5 million tup terak ko‘chatlari va qalamchalari ekishni tashkil qilishi shartligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish va Qishloq xo‘jaligi vazirliklariga terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekish bo‘yicha hududlarga ilmiy asoslangan tavsiyalar berish topshirildi.

Toshkent shahrida 5 yoshdan kam bo‘lmagan mevali va manzarali daraxtlarni tartibli bir tekisda o‘stirish uchun yangi tajriba boshlandi. Viloyat hokimlari ushbu tajribani o‘rganib, o‘zida joriy qiladi.

Shuningdek, «Yashil makon» dasturi doirasida joriy yilda 700 kilometrdan ziyod yangi sug‘orish tizimi va 260 ta quduq o‘rnatilishi reja qilingan.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari, Avtomobil yo‘llari va O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitalari rahbarlarining sug‘orish tizimi uchun qancha mablag‘ ajratilgani, qancha maydonda irrigatsiya tizimi yaxshilangani, nechta texnika olingani va quduq qazilgani haqidagi hisobotlari eshitildi.

Top