10:55 / 08.04.2022
18525

Dam olish kunlari shamol tezligi kuchayishi kutilmoqda - «O‘zgidromet»

Bugun respublika hududining katta qismida iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog‘istonda va kechga tomon Buxoro viloyatida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, shimolda va cho‘l hududlarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, chang bo‘lishi mumkin, shuningdek, shamol tezligi 23-25 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Havo harorati kun o‘rtasiga borib 28-30 daraja issiqni tashkil etadi, bu me’yordan 8-10 darajaga yuqori bo‘ladi.

9 aprelga o‘tar kechasi O‘zbekiston hududiga Turkmanistondan zich bulut qatlamlari kirib kelishi kutilmoqda, buning hisobiga Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. 

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kun davomida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 28-30 daraja issiq atrofida saqlanib turadi.

Yakshanba kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida beqaror ob-havo kuzatiladi, ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi harorat 30-35 daraja issiqqacha ko‘tariladi.

Dam olish kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, chang bo‘lishi mumkin.

Top