08:31 / 08.04.2022
5212

«Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi e’lon qilindi

Foto: Getty Images/ William Whitehurst

Yangi tahrirdagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi. Loyiha bilan amaldagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga bir qator yangi moddalar va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Loyihada sud ekspertining kasb etikasi qoidalari, maxsus bilimlar, mutaxassis fikri, validatsiya, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, xususiy sud eksperti, sud eksperti attestatsiyasi, sud-ekspertiza muassasalari (tashkilotlari) va sud ekspertlarining davlat reyestri hamda sud eksperti qasamyodi kabilar belgilanmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning malakali sud ekspertizasi xulosalariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilishini ta’minlash hamda sud ekspertizasi faoliyati yanada ishonchliligini oshirish maqsadida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot) o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlik faoliyatini amalga oshirishi hamda sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar mutaxassislarining huquqiy maqomlari qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan davlat va nodavlat sud ekspertlariga nisbatan ta’sir choralari qo‘llashning aniq mezon va mexanizmlarini belgilash, sud ekspertlarining noqonuniy harakatlari bilan bog‘liq holatlar adolatli va xolis ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida davlat sud-ekspertiza muassasalari huzuridagi malaka komissiyasi hamda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlari va xususiy sud ekspertlari malaka komissiyalari tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Kelgusida sud ekspertizasi sohasida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi oldini olishni ta’minlash maqsadida sud ekspertiga ish materiallari yuzasidan ekspertiza o‘tkazishga doir cheklovlar qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi hamda Adliya vazirligining sud-ekspertlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari va xususiy ekspertlari birlashmasini tashkil qilishga doir munosabatlar tartibga solinmoqda.

Qonun loyihasi bilan davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshirilgan sud ekspertizasi xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasi, komissiyaviy va kompleks sud ekspertizalari nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid
Top