11:37 / 12.04.2022
17703

Avtomobil xarid qilish ko‘paygan viloyatlar ma’lum qilindi

Foto: UzAuto Motors

Hududlar kesimida o‘tgan oy davomidagi avtomobil xaridining eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘ona (43 foiz), Namangan (23 foiz) va Jizzax (20 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning mart oyida 112,1 ming dona avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va bu o‘tgan yilning mos davriga (55,5 ming) nisbatan 102 foizga ko‘proqdir. Shu bilan birga, joriy yilning fevral oyi bilan taqqoslaganda, 12,7 foizlik pasayish kuzatilgan.

Ekspertlar avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni keskin o‘sishini avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinishi bilan izohlashgan. Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan boshlab ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish narxi pasaytirilgan.

Mart oyi davomida ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillar 84,7 ming donani tashkil etib, fevral oyiga (85,3 mingga) nisbatan pasayish qayd etilgan.

O‘z navbatida, birlamchi bozordan xarid qilingan avtomobillar soni 27,5 ming donani tashkil etib, fevral oyiga (27,4 ming) nisbatan 0,3 foizga o‘sish kuzatilgan.

Mart oyida yangi avtomobillar savdosida sezilarli darajada o‘sish Farg‘ona (43 foiz), Namangan (23 foiz), Jizzax (20 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Qashqadaryo (31 foiz), Samarqand (13 foiz), Toshkent (16 foiz), Navoiy (7 foiz) va Andijon (5 foiz) viloyatlarida pasayish qayd etilgan.

Shuningdek, xorijda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar soni 1,3 ming donani tashkil etgan.

Avvalroq, 2022 yil 1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yig‘imlar bekor qilingani xabar qilingandi. Bunga qadar yangi avtomobil xarid qilinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanardi.

Top