13:02 / 12.04.2022
42880

«Bu do‘stona tashrif emas». Avstriya kansleri Putin bilan yopiq muzokaralari haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 aprel kuni Moskvaga kelgan Avstriya kansleri Karl Nexammer bilan uchrashdi, Nexammer Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Putin bilan shaxsan uchrashgan ilk yevropalik davlat rahbari bo‘ldi.

TASS/GETTY IMAGES

Ikki kun oldin, shanba kuni Nexammer Kiyevda bo‘lgan va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgandi.

Nexammer va Putinning uchrashuvi Novo-Ogaryovoda yopiq formatda o‘tkazilib, bir yarim soatga yaqin davom etdi. Muzokaralar matbuot uchun yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi, boshlanishidan oldin protokol uchun suratga olish jarayoni ham, muzokara yakunida matbuot anjumani ham bo‘lmadi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bunday formatni Avstriya tomoni so‘ragan.

Avstriya nashrlarining yozishicha, Putin va Nexammer uchrashuvi qo‘l siqib ko‘rishish va o‘zaro suratga tushishsiz o‘tkazilgan.

«Bu do‘stona tashrif emas. Men Ukrainadan keldim va Rossiyaning tajovuzkor urushi keltirgan bemisl azob-uqubatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Birodarlik qabristonlari tepasida turdim», deya kanslerning so‘zlarini keltirgan Kurier.

Nexammerning so‘zlariga ko‘ra, uning Putin bilan muloqoti «bevosita, ochiq va qattiq» o‘tgan.

Uning aytishicha, uchrashuvda Bucha va boshqa joylarda sodir etilgan og‘ir harbiy jinoyatlar masalasini ko‘targan va barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozimligini aytgan. U Putinga Rossiyaga qarshi sanksiyalar o‘z kuchida qolishi va Ukrainada odamlar o‘lishi davom etar ekan, yanada kuchaytirilishini bildirgan: «YeI bu masalada har qachongidan ham birdam».

«Ammo mening Putinga eng muhim xabarim shu bo‘ldiki, bu urush nihoyat barham topishi kerak, chunki urushda har ikki tomon ham mag‘lub bo‘ladi», deya xulosa qilgan Nexammer.

Nexammer MeinBezirk.at nashriga aytishicha, u Ukrainadagi urushni tezroq yakunlash kerakligi haqida aytganida, Vladimir Putin shunday javob qaytargan: «Yaxshi bo‘lardi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin «hamon Istanbuldagi tinchlik muzokaralariga ishonch bildirmoqda» va shunday davom etishni istashini bildirgan. Nexammerning tasdiqlashicha, Rossiya prezidenti o‘z mamlakatiga qarshi kiritilgan sanksiyalarni «juda qattiq» deb baholagan.

U endi bo‘lib o‘tgan muzokara bo‘yicha yevropalik hamkorlarini xabardor qiladi va ularga kelgusidagi qadamlar bo‘yicha maslahat soladi.

Rossiya tomoni uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lumot bermagan.

Avvalroq Nexammer tvitterdagi sahifasida Putin bilan o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar yo‘laklar ochish va Ukrainadagi harbiy jinoyatlarni tekshirish masalalarini muhokama qilmoqchiligi haqida yozgandi.

«Biz [Avstriya] harbiy jihatdan betarafmiz, ammo bizda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi borasida aniq pozitsiya bor. U [Putin] to‘xtashi kerak!» deya yozgandi Avstriya kansleri.

U shuningdek, Moskvaga tashrifi haqida Zelenskiyni, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyenni, Yevrokengash rahbari Sharl Mishelni, Germaniya kansleri Olaf Sholsni va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni xabardor qilganini aytgan.

Kronen Zeitung nashri tashrifdan oldin Nexammer Putin bilan muzokaralarda «ko‘prik o‘rnatish» va «tinchlikka yaqinlashish uchun barcha ishni qilish»ga harakat qilishi haqida yozgandi.

Nexammer uchun bu Avstriya hukumati rahbarligida Putin bilan ilk bor aloqa qilishi bo‘ldi. RBK nashri qayd etishicha, bunga qadar ular hatto telefon orqali ham gaplashishmagan.

Avstriya kansleri - Rossiya armiyasining Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin Putin bilan shaxsan uchrashgan ilk yevropalik yetakchi bo‘ldi.

Zelenskiy esa bu vaqt ichida Ursula fon der Lyayyen, Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, shuningdek Polsha, Chexiya, Sloveniya va Slovakiya bosh vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishga ulgurdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top