09:33 / 12.04.2022
22270

JST urushning jahon iqtisodiyoti uchun oqibatlari haqida ogohlantirdi

Jahon savdo tashkiloti Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari dunyo uchun qanday iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishini ma’lum qildi. Ular orasida oziq-ovqat va energiyatashuvchilar narxining ko‘tarilishi, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar inqirozi bor.

Foto: Reuters

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro joriy yilda jahon iqtisodiyoti o‘sishini 1,3 foizga kamaytirishi mumkin. Bu haqda Jahon savdo tashkiloti (JST) tomonidan o‘tkazilgan urushning savdoga ta’siri tahlilida aytilgan. Tadqiqot 12 aprel, seshanba kuni Jahon savdo tashkilotining global savdo o‘sishi bo‘yicha yillik prognozi taqdimoti oldidan chop etildi.

Model hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda jahon yalpi ichki mahsuloti (YaIM) atigi 3,1-3,7 foizga o‘sadi. Tashkilotda ko‘rsatilishicha, sabablar orasida oziq-ovqat va energiyatashuvchilar narxining oshishi, shuningdek, Rossiya va Ukrainadan eksport hajmining pasayishi bor.

«Kambag‘al davlatlar urush tufayli ko‘proq xavf ostida bo‘ladi, chunki ular boy mamlakatlarga qaraganda o‘z daromadlarini oziq-ovqatga ko‘proq sarflaydi. Bu siyosiy barqarorlikka ta’sir qilishi mumkin», - deyiladi bayonotda.

O‘tgan yilning oktabr oyida JST jahon savdosining 4,7 foizga o‘sishini bashorat qilgan edi. Yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, hozir bu ko‘rsatkich deyarli yarmiga qisqardi.

Gap faqat Rossiya va Ukrainadan energiya resurslari, don va kungaboqar yog‘i eksportining qisqargani haqida ketayotgani yo‘q, deya qayd etilgan tadqiqotda: Rossiya avtomobillardan chiquvchi gazlarni bartaraf etishda ishlatiluvchi katalitik konvertorlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan palladiy va rodiyning asosiy yetkazib beruvchilaridan biridir. Ukraina, o‘z navbatida, yarimo‘tkazgichlar sanoatini neon bilan ta’minlaydi.

«Yevropa Rossiya va Ukraina eksport tovarlarining asosiy xaridori sifatida urushning iqtisodiy oqibatlarini eng katta darajada his qiladi», — deyiladi JST xabarida. 

Tashkilot, agar jahon iqtisodiyoti savdo bloklariga bo‘linib ketsa va davlatlar yana o‘z ishlab chiqarishiga ko‘proq tayanishni boshlasa, salbiy ta’sirlar kelib chiqishdan ogohlantirdi. Bu raqobatni kamaytiradi va rivojlanayotgan hamda o‘tish davridagi iqtisodiyotlar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deyiladi tadqiqotda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top