17:37 / 14.04.2022
26272

YPX xodimlariga yana bir “fortochka”mi?

Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririda haydovchi yonida pasport yoki ID-karta bo‘lganida undan boshqa hujjatlar talab etilmasligi belgilandi. Ammo qoidalarda planshet orqali hujjatlar mavjudligini tekshirish imkoni mavjud bo‘lmaganda, haydovchining pasporti yoki ID-kartasi inobatga olinmasligi qayd etilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

2022 yil 1 maydan kuchga kiradigan Yo‘l harakati qoidalarining 7-bandida haydovchi quyidagi hujjatlarni yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganda tekshirish uchun ularga taqdim etishi shartligi nazarda tutilgan:

  • transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat (haydovchilik guvohnomasi, vaqtincha ruxsatnoma);
  • transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjat;
  • transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma);
  • sug‘urta polisi.

Ushbu bandning davomida agarda haydovching yonida biometrik pasporti yoki ID-kartasi mavjud bo‘lgan taqdirda, undan yuqoridagi hujjatlar so‘rab olinmasligi belgilangan.

Lekin 7-band so‘ngida haydovchi yonida biometrik pasporti yoki ID-kartasi mavjud bo‘lsa-da, planshetda aniqlash imkoni bo‘lmaganda hamda favqulodda holatlarda haydovchining qolgan hujjatlari planshetdan tekshirilmasligi nazarda tutilgan.

Banddagi qoidalar mavhumroq yozilgani tufayli mazkur qoidani ikki xil talqin qilish mumkin:

Birinchi talqin – YPX xodimi hujjatlarni planshetda aniqlashi imkoni bo‘lmaganda haydovchi yonida biometrik pasporti yoki ID-kartasi mavjudligi va planshetdan aniqlash imkoni bo‘lmagani haydovchining muammosi emasligi inobatga olinib, haydovchiga oq yo‘l tilanadi.

Ikkinchi talqin – YPX xodimi hujjatlarni planshetda aniqlashi imkoni bo‘lmaganda haydovchi yonida biometrik pasporti yoki ID-kartasi mavjud bo‘lsa-da, undan barcha hujjatlarni taqdim etish talab qilinadi.

Birinchi talqin optimistik ruhda ekanini qayd etish joiz. Ammo so‘nggi kunlarda YPX xodimlarining vakolatlarini asossiz tarzda kengaytiruvchi hujjatlar qabul qilinayotganini inobatga olsak, hujjatni ishlab chiquvchilar ikkinchi talqinimizni nazarda tutgan bo‘lishi ehtimoli katta.

Biroq, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga asoslanilsa, ikkinchi talqin yo‘qqa chiqadi.

Ya’ni, 2021 yil 30 noyabrdagi qonun bilan MJTKning 135-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unga muvofiq 2022 yil 1 martdan boshlab yonida biometrik pasport yoki ID-kartasi mavjud bo‘lganda, haydovchi boshqa hujjatlarni ko‘rsatishi talab etilmaydi.

Yo‘l harakati qoidalari esa Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga binoan, turli hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi.

Demak, mazkur tafovutda Vazirlar Mahkamasi qaroriga emas, qonunga amal qilinadi.

Mantiqan olib qaraganda ham qonunga rioya qilinishi to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, haydovchi yo‘lga chiqayotganda uni yo‘lda to‘xtatishi mumkin bo‘lgan YPX xodimining plansheti qachon ishlab, qachon ishlamay qolishini hech qanaqasiga oldindan bila olmaydi. Planshet ishlamay qolishi esa haydovchining emas, uni tekshirmoqchi bo‘lgan YPX xodimining, qolaversa tizimning muammosi hisoblanadi.

Shu tufayli, qonunga ishonib, yonida biometrik pasport yoki ID-kartasini olib yurish bilan kifoyalangan haydovchini qandaydir texnik muammoni ro‘kach qilib jarimaga tortish – o‘taketgan mantiqsizlik va qonunga zid harakatdir.

Abbos Salaydinov

Top