17:31 / 15.04.2022
16551

Prezident: Aholi tomorqalarida eng katta muammo – suv ta’minoti

O‘zbekistonda suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Foto: Kun.uz

Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha bir hafta muddatda alohida dastur qabul qilinishini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2022 yilda yog‘ingarchilik hisobiga, vodiy, Toshkent viloyati va Samarqandda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygani bilan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmda suv ta’minoti bo‘yicha qiyinchiliklar bo‘ladi.

Aholi tomorqalarida eng katta muammo ham suv ta’minoti bo‘layotgani qayd etildi.

«Misol uchun, Qashqadaryodagi 65 ming gektar tomorqadan 24 ming gektarida suv muammo. Buning sababi — tuman hokimlari suv tarmoqlarini tiklash, quduqlar qazish, ariq va zovurlarni tozalash ishlarini vaqtida lozim darajada bajarmagan», degan davlat rahbari.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga:

  • ekin turlari joylashuvidan kelib chiqib, aholi tomorqalarini sug‘orish uchun 4 milliard kub metr suvni taqsimlash;
  • har bir mahalla kesimida ariq ochish, tozalash, tarmoqlarni tiklash bo‘yicha grafikni tasdiqlab, ishlarni boshlash topshirildi.

Bu ishlar uchun respublika budjetidan 50 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan yana 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Nurobod, Konimex, Peshku, Chiroqchi, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Ohangaron, G‘allaorol, Farg‘ona kabi tumanlarda suv ta’minoti og‘ir mahallalarda quduq qazish va nasos o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplashga budjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Prezident Suv xo‘jaligi vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 1 oktyabrga qadar:

  • 4,5 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarini tozalash va 231 kilometrini betonlash;
  • 3 mingta gidrotexnik inshootni ta’mirlash;
  • 3,5 mingta nasos o‘rnatish, 490 kilometr nasos quvurlarini ta’mirlash va 281 ta quduq qazishni ta’minlashni topshirdi.

Ushbu maqsadlar uchun 300 milliard so‘m mablag‘ bosqichma-bosqich ajratiladi.

«O‘tgan yili dekabr oyida 2022 yil uchun tijorat banklariga 2 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgan edi. Biroq bugungi kunga qadar tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard so‘mlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25-30 foizi moliyalashtirilgan xolos», degan prezident.

Shuning uchun mahsulot yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha yangi tizim joriy etiladi. Bunda mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan yillik 10 foiz stavkada Bog‘dorchilik agentligiga bir yilga beriladi.

Top