17:42 / 16.04.2022
12550

Surxondaryoda fuqaroni chegara qo‘shinlari harbiy qismiga ishga kiritib qo‘yishini aytib pul olgan shaxs ushlandi

U jabrlanuvchidan 2 ming dollar talab qilib, shundan 900 dollar va 1,1 million so‘m olayotganda qo‘lga olingan.

Foto: IIB axborot xizmati

Viloyat IIb axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 11 aprel kuni Termiz tumanida yashovchi fuqaro B.Bahodir viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini chegara qo‘shinlari harbiy qismiga ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, pul talab qilayotgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.

B.Bahodirning arizasiga ko‘ra, 2022 yilning aprel oyi boshlarida tanishi S.Dilshod unga Termiz shahrida joylashgan chegara qo‘shinlarida yuqori lovozimda ishlovchi tanishlari borligini va ular orqali ishga joylashtirib qo‘yishini aytgan.

So‘ng ishga joylashtirish xarajatlari 2 ming dollar bo‘lishini aytib, B.Bahodir shu pullarni bersa, 44 kundan so‘ng viloyatlarning birida joylashgan chegara qo‘shinlari harbiy qismlariga ishga qabul qilinishini ma’lum qilgan.

Mazkur arizaga asosan, 2022 yil 11 aprel kuni soat 18:00 larda viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi, DXX hamda departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, fuqaro S.Dilshod Termiz shahrida B.Bahodirdan 900 dollar hamda 1,1 million  so‘m kimyoviy ishlov berilgan pullarni sanab olgan vaqtida ushlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2022 yil 12 aprel kuni departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan fuqaro S.Dilshodga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top