14:01 / 19.04.2022
5021

Xalq ta’limi vazirligi 16 yoshga to‘lgan 122 ming nafar o‘quvchi hanuzgacha ID karta olmaganini ma’lum qildi

Joriy o‘quv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchi bitiradi. Bugungi kunda 16 yoshga to‘lgan 122 mingdan ortiq bitiruvchi (31 foizi) pasport olmagan.

Foto: advice

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati 16 yoshga to‘lgan o‘quvchilarga murojaat bilan chiqdi. Murojaatda yozilishicha, oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari DTMning abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Abituriyentlar endi avvalgidek OTMlarga ovora bo‘lib borishlari, uzundan-uzoq navbatga turishlariga hojat qolmagan.

Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami -JShShIR) kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur. Bu jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida attestat.uzedu.uz elektron bazasi DTM abitur.dtm.uz sayti bilan integratsiya qilingan.

Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchi bitiradi. Bugungi kunda 16 yoshga to‘lgan 122 mingdan ortiq bitiruvchi (31 foizi) pasport olmagan.

«Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchi yoshlar! Farzandingizning konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini ta’minlashingizni so‘raymiz. Maktab ma’muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport ma’lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib, ularning kelgusida oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshirishida ko‘maklashishga chaqiramiz», deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar pasport olishlari uchun Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat etishlari mumkin.

Top