15:28 / 23.04.2022
37675

Toshkentda ajiotaj: 18 mingga yaqin odam chegirma sabab savdo majmuasiga yopirildi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Atlas” savdo majmuasida maishiy texnikalar uchun 70-90 foizgacha chegirma bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Bugun, 23 aprel kuni ertalabdan minglab odamlar bu savdo majmuasida to‘plandi.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar IIBB savdo do‘koni yopilgani, shu sababli arzonlashtirilgan narxda sotuv bo‘lmasligini ma’lum qildi. Ajiotaj sabab Chilonzor tumani yo‘llarida bir necha kilometrlik tirbandliklar yuzaga keldi.

Kun.uz muxbiri voqea joyiga yetib borgan vaqtda savdo majmuasi oldida to‘plangan fuqarolar tarqatib yuborilganiga guvoh bo‘ldi.

Keyinroq qo‘shimcha ma’lumot bergan poytaxt IIBB savdo majmuasi oldida 18 mingga yaqin fuqarolar to‘plangani, lekin majmua bir vaqtning o‘zida shuncha fuqaroni sig‘dira olmasligini bildirdi.

«Savdo majmuasi bir vaqtning o‘zida bu kabi ko‘plab fuqarolarni qabul qilish imkoniga ega emasligi sababli, shuningdek fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida savdo majmuasi yopildi. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan savdo majmuasidagi vaziyat nazoratga olindi», – deyiladi rasmiy bayonotda.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati
Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati
Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Shuningdek, IIBB kun issiqligi va tiqilinch bo‘lganligi sababli bir nafar ayol hushidan ketgani, shu yerning o‘zida unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga yuborilganini ma’lum qildi.

Hozirga kelib, vaziyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olingan.

Top