18:46 / 24.04.2022
37777

«Ular egallaganlarining barchasini qaytarib olamiz» - Zelenskiyning metrodagi matbuot anjumanidan asosiy gaplar

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 23 aprel kuni Kiyev metrosidagi bekatlardan birida mahalliy va xalqaro jurnalistlar ishtirokida katta matbuot anjumani o‘tkazdi. U «Rossiya Federatsiyasidagi hayot - kompyuter o‘yinidagidek ekani, odamlar reallikka qaytishi kerakligi»ni aytib o‘tdi.

Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Odessaga raketa zarbalari

Bizda shunaqa pasxa kunlari. Bugun Odessaga yetti raketa uchirildi, biz ikkitasini urib tushirdik. Ko‘p qavatli uy binosiga raketa kelib tushdi. Sakkiz kishi halok bo‘ldi, 18 yoki 20 kishi yaralandi. Uch oylik chaqaloqni o‘ldirishdi. Bu chaqaloq hali bir oyligida urush boshlangandi. Razillar. Ularni yana qanday atash mumkin? Boshqacha so‘z yo‘q. Va bular pasxa bayrami kunlarida! Ular qanday qadriyatlar, qanday rus dunyosi, xristian olami haqida gapirishadi? O‘rta asrlar. Ularning sevimli Odessasiga, ular kelishni yoqtiradigan «Ona-Odessa»ga yettita raketa yo‘llandi.

Urush va uning istiqbollari haqida

Bu urushni 21 asr yoki 1990-yillardagi biror urush bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Rossiya boshqa mustaqil davlatlar hududlarida olib borgan boshqa hech bir urushda bunday vayrongarchiliklar bo‘lmagan. Bunday ko‘p og‘ir texnikalar qo‘llash va bunday harbiy surbetlik — qiynoqlar, zo‘ravonlik, zo‘rlashlar — hech qachon bo‘lmagan. Kelajakda ham bo‘lishidan xudo asrasin. Buni to‘xtatish Ukrainaning chekiga tushdi — afsuski, ukrainaliklar hayoti evaziga. Va sizning mamlakatlaringiz ko‘proq yordam berishi kerak. Ular biz bilan ishni hal qilib — sizlarga borishi mumkin.

Mening prezident sifatidagi pozitsiyam: ular egallab olganlarning barchasini qaytarib olamiz. Va bu 2014 yilda bo‘lgani kabi 8 yilga qoladigan ish bo‘lmaydi. Bizda zarur qurollar bo‘lgani hamono, bosib olingan hududlarni qaytarishni boshlaymiz. Xorijliklarning yordami tezroq bo‘lishi kerak. Men bu tezlik Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘zgarayotganini ko‘rmoqdaman. Ammo bu yanada tezroq bo‘lishini xohlayman.

Ukrainlar shunchaki doimiy harbiy sharoit holatida 10-15-20 yil kutishga tayyor emas - bizda boshqa yo‘l yo‘q. Biz ko‘p yillar mobaynida o‘zimizni himoya qilib kelayotgan davlatmiz. Biz g‘olib bo‘lganimizda, bizda kuchli va tajribali armiya bo‘ladi. Va biz Yevropaning eng qudratli davlatlaridan biriga aylanamiz.

Umid qilamanki, biz egallab olingan shaharlarni ozod etamiz, ammo biz hozir buni qilishga tayyor emasmiz. Mariupolda «Azovstal»ni himoya qilayotgan yigitlar, ularning komandirlari buni tushunadi deb o‘ylayman.

Kuch va bu qadar g‘ayriinsoniylik bilan Ukrainani yengib bo‘lmaydi. Ular Kiyev oblastida nima qila olishdi? Barcha ulardan nafratlanadi. O‘z vaqtida natsistlar Yevropani bosib olishgandi. Ular nimaga erishishdi? Odamlar ularni yoqtirib qoldimi? Yo‘q. Ular boyib qolishdimi? Yo‘q, garchi butun Yevropani talashgan bo‘lishsa-da. Ular faqat bir narsaga erishishdi: nemislarning bu jinoyatlarga aloqasi bo‘lmagan keyingi avlodlari o‘zlarini tarix uchun aybdor his qiladi.

Men Rossiyaga Dnestrbo‘yigacha yo‘lak nega kerakligini tushunmayman. Ular Dnestrbo‘yini olishdi, ular Abxaziyani olishdi, Donbassni olishdi. Endi bu yerlar — Hongkong bo‘lib qoldimi? Dubaymi? Bu yerlarda sivilizatsiya qanday? Bu yerlarda kim baxtiyor yashamoqda?

Xalqaro tribunal haqida

Men RF prezidenti bilan uchrashishni istamayman. Bunga majburman. Agar biz bu masalalarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishni rejalashtirsak. Men hisoblaymanki, odamlar va bolalarni yakson qilishga buyruq berganlarning barchasi tribunalga tortiladi. Bu yillarni olishi mumkin, ammo biz kutamiz. Biz kutamiz. Agar mening avlodim bunga yeta olmasa, bolalarimiz aniq yetishadi. Bunday tribunalni qanday atash muhim emas. Asosiysi, qancha miqdordagi odam qancha muddatga panjara ortiga ravona qilinishidir.

Ukraina va ukrainlar haqida

O‘ylaymanki, ukrainlar [mudofaa nuqtayi nazaridan Isroil kabi bo‘lgan] davlatda yashashga tayyor. Bizda boshqa tanlov yo‘q. Biz allaqachon shunday davlatmiz. Bu biz jang qilamiz degani emas — bu bizda eng kuchli va tajribali armiya bo‘ladi degani.

Avvallari biz buvilarimiz va buvalarimizga uzoq umr tilardik. Bolalarga ham uzoq yashash va sog‘liq tilashimizga to‘g‘ri keladi deb o‘ylamagandim. Men barchaga imkon qadar o‘z bolalarini ehtiyot qilishni tilayman. Men farzandlarini yo‘qotganlarning barchasining dardiga sherikman.

O‘ylaymanki, Ukraina [urushda g‘alaba qozonish] uchun barcha ishni qildi. Biz birlashdik, va asosiysi, bu birdamlikni urush oxirigacha va urushdan keyin ham saqlab qolishdir. «Hokimiyat» so‘zi jamiyatda ko‘ngilni aynituvchi refleks uyg‘otmayapti. Va men bundan faxrlanaman. Birlashish — bizning asosiy qurolimiz. Harbiylar, Milliy gvardiyachilar, chegarachilar, turli darajadagi hokimiyat idoralarini birlashtirish. Media-resurslar birligi, OAV — bugungi kunda ikkinchi hokimiyatdir. Yevropadagilar menga ularda hali hech qachon bunchalik birlik kuzatilmaganini aytishmoqda.

Xorijiy davlatlar yetakchilarining Kiyev va Moskvaga tashriflari haqida

Biz fojiali selfilar qilinadigan mamlakat emasmiz. Bizda urush ketmoqda. Keling, ammo biz sizdan so‘rayotgan yordam bilan keling. Biz hech kimdan unda yo‘q narsani so‘ramayapmiz. Biz Germaniyaga aytyapmiz: sizda hozir o‘zingizga zarur bo‘lmagan narsa bor, lekin u bizga kerak, chunki bizda urush ketyapti.

Men avvaliga Rossiyaga borish, keyin Ukrainaga kelishni [xuddi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish kabi] xato deb hisoblayman. Nega? Bizga Rossiyadan signal yuborish uchunmi? Ko‘radigan nima bor u yerda? Kutuzovskiy prospektida jasadlar yotgani yo‘q. Menimcha, avval Ukrainaga kelib, bu yerni ko‘zdan kechirib, keyin Rossiyaga borish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Gap siyosiy turizm haqida emas, balki yordam haqida ketayotgan bo‘lsa, albatta.

Rossiya bilan muzokaralar haqida

Ukraina yetakchisi Rossiya delegatsiyasi bilan olib borilayotgan muzokaralar bo‘yicha pessimistik fikr bildirgan va Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmagan muzokaralar kutilgan natijani keltirmaydi degan fikrda.

Men prezident bilan uchrashuvdan qo‘rqmayman, agar gap suiqasd ehtimoli haqida ketayotgan bo‘lsa. Shunchaki menda qo‘rqish uchun huquq yo‘q. Men Vladimir Putin bilan muzokaralar tarafdoriman, chunki urushni boshlagan kishi uni tugatishi mumkin deb hisoblayman. Men urushni yakunlashni istayman. Diplomatik yo‘l va harbiy yo‘l mavjud. Har qanday sog‘lom fikrli odam diplomatik yo‘lni tanlaydi, chunki bu minglab, balki millionlab odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Mamlakat yetakchisi o‘z xohishi bilan diplomatik yo‘ldan voz kechishga haqli emas.

Agar Mariupoldagi odamlarimiz yo‘q qilinsa, agar psevdorespublikalarda psevdoreferendumlar e’lon qilinsa, Ukraina muzokaralardan chiqadi. Bu muzokarachilarning barcha uchrashuvlari — yolg‘on-yashiq va shunchaki juda yomon aktyorlar rol o‘ynagan teatr sahnasi ekanini anglatadi.

Menda Putinga faqat Ukraina prezidenti sifatida savollar bor. Bu savollar hududiy yaxlitlik masalalari bo‘yicha. Bizning Ukrainaning Donbassi, Qrimi bu yog‘iga qanday yashashi haqida. Suhbat mazmunli, hissiyotlardan xoli bo‘lgan bo‘lardi.

Rossiya haqida

Bizning mustaqilligimiz avvalboshdan faqat biz uchun — va sivilizatsiyalashgan dunyo uchun muhim edi. Bizni Rossiyada hukumat darajasida hurmat qilishmasdi va jamiyatning katta qismi  bizni mustaqil davlat deb hisoblamaydi, ular bizning mustaqillikka, demak, yashashga haqqimiz bor deb hisoblamaydi.

Tarix kitoblarida yangi so‘z paydo bo‘lmoqda — «rashizm». Bu so‘z yangi, ammo mazmuni 80 yil oldingi [Ikkinchi jahon urushi davridagi] kabi. Shu 80 yil davomida qit’amizda bunday varvarliklar bo‘lmagandi. Maktablarda kichkina bolalar o‘rnidan turib, o‘qituvchilarga rashizm va bu dahshatli tushunchaga qarshi ozodlik uchun kurashda kim g‘alaba qozongani haqida javob berishmoqda.

Rossiya Turkiyadagi muzokaralar ortidan bildirilgan bayonotga dastlab ijobiy munosabat bildirgandi, ammo keyin ular mamlakat ichidan yuqori darajadagi tanqidlarni eshitgan. Ma’lum bo‘ldiki, u yerdagi rasmiylar odamlarning miyasini shunday yuvganki, o‘zlari ham buni kutmagan. O‘ylaymanki, ular o‘zlari ham Ukrainaga bo‘lgan nafrat darajasidan hayratda qolgan, bu nafratni esa ular o‘zi yaratishdi.

Rossiya Federatsiyasidagi hayot — bu kompyuter o‘yini, bu virtual reallik. Nima bo‘layotganini bilishni xohlagan odamlar undan chiqishi, 3D ko‘zoynaklarni yechishi, reallikka, ajoyib sivilizatsiya olamiga qaytishi kerak. Yadro quroli sohasida yetakchi bo‘lish shart emas – siz «aytishniklar» soni bo‘yicha yetakchi bo‘lishingiz mumkin. Saratonga davo topishingiz mumkin. Ularda bu pullar va salohiyatni sarflash zarur bo‘lgan joy bor. Axir u yerda iqtidorli odamlar bor.

Rossiyada norozilik bildirgan odamlar unchalik ko‘p emas, afsuski. Ammo shu ozchilik bir kun kelib ushbu informatsion devorni yorib o‘tishimizga hissa qo‘shadi. Biz ularning qadamlarini ko‘ryapmiz. Ularning so‘zlari ahamiyatli — axir so‘zlar kuchli ta’sir o‘tkaza oladi, shuning uchun hukumat ulardan qo‘rqadi. Men ularga faqat salomatlik tilayman, chunki panjara ortida ularga nima bo‘lishini tasavvur qilaman. Ular Rossiyaning qutqarilishiga hissa qo‘shishdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top