15:38 / 25.04.2022
21927

Jahonda noma’lum turdagi gepatit tarqalmoqda. SSV yangi virus O‘zbekistonda qayd etilmaganini ma’lum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti axborotiga ko‘ra, aprel oyi boshidan buyon 11ta davlatda bolalar orasida noma’lum turdagi gepatitga chalinish bilan bog‘liq 169 ta holat qayd etilgan, bir bola vafot etgan.

Foto: Adobe Stock

JSSTning ma’lum qilishicha, kasallik aniqlangan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda birorta holatda ham o‘tkir kechuvchi gepatitni chaqiruvchi viruslar (A, V, S, D va E turlari) aniqlanmagan. Ya’ni bu virus noan’anaviy va hali o‘rganilmagan. Ayrim bemorlar hatto jigar transplantatsiyasiga muhtoj bo‘lib qolgan.

Kun.uz yangi kasallik bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bog‘landi.

“Bu kasallik haqida axborot olyapmiz, JSST bilan aloqadamiz. Rasman ta’kidlayman – gepatitning yangi turi O‘zbekistonda qayd etilgani yo‘q. Ma’lumot o‘rnida aytishim mumkinki, koronavirus pandemiyasi davrida aholi orasida gigiyena qoidalariga jiddiy e’tibor berilgani sababli qator yuqumli kasalliklar, jumladan gepatit tarqalishi pasayishiga erishildi. Ammo bu nazoratni susaytirish kerak, degani emas. Gepatit profilaktikasi yil davomida va muntazam olib borilishi shart. Yangi tur kirib kelmasin, degan niyatdamiz, albatta. Agar qayd etilsa ham, bu haqda darhol xabar beriladi”, – dedi Furqat Sanayev.

Ma’lumot uchun, gepatitning yangi turi 1 oylikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda aniqlangan. Kasallik oqibatida bir nafar bola vafot etgan, 17 nafariga jigar ko‘chirib o‘tkazilishi talab qilingan.

Eng ko‘p holatlar Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi (114), 13 nafar bola Ispaniya, 12 nafar Isroilda, to‘qqiz nafar AQShda ushbu xastalikka chalingan.

Shuningdek, Irlandiya (5), Niderlandiya va Italiya (4tadan), Norvegiya va Fransiya (2tadan) hamda Ruminiya va Belgiyada (1tadan) noma’lum turdagi gepatitga chalinish holatlari aniqlangan.

JSSTga ko‘ra, birorta ham holatda o‘tkir tusli gepatitni chaqiruvchi viruslar (A, V, S, D va E gepatiti viruslari) aniqlanmagan.

Dastlabki holatlar aprel boshlarida qayd etilgan. 5 aprelga kelib, Shotlandiyada o‘n yoshdan kichik bolalar orasida o‘ndan ortiq kasallanish holatlari aniqlangan.

Top