19:27 / 25.04.2022
53779

Ukrainadagi urush: NATO Rossiyaning harbiy harakatlariga qanday javob berdi?

NATO tez orada yanada kengayishi mumkin, iyun oyida Finlandiya va Shvetsiya ham a’zolikka ariza berishi kutilmoqda. NATO davlatlari Ukrainaga raketalardan tortib, tanklar va og‘ir artilleriyagacha bo‘lgan milliardlab dollarlik qurol-yarog‘lar yetkazib bermoqda.

Foto: Getty Images

NATO qanday tashkilot?

NATO (Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti) – 1949 yil 4 aprel kuni imzolangan Vashington shartnomasi asosida 12 davlat, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Fransiya tomonidan tuzilgan harbiy-siyosiy ittifoq. Tashkilot tashkil etilishidan asosiy maqsad sifatida urushdan keyingi davrda «SSSRning Yevropaga ekspansiyasi tahdidini qaytarib turish» ko‘zda tutilgan.

NATO nizomi 14 moddadan iborat. Undagi eng muhimlaridan bo‘lgan 5-moddada shunday deyiladi: «Tashkilotga a’zo davlatlardan biriga hujum qilinsa, bu holat NATOning boshqa a’zolariga ham agressiya qilingan, deb baholanadi va umumiy javob choralari ko‘riladi».

Qiziq jihati, alyansga a’zo bo‘lish uchun SSSR ham 1954 yil rasmiy nota bilan chiqadi. Biroq G‘arbning yetakchi davlatlari hukumatlari Moskvaga ishonishmaydi. Ular SSSRning birlamchi maqsadi AQShni Yevropadan quvib chiqarish va NATOni ichidan yemirish, degan xulosaga kelishadi.

Bunga javoban 1955 yil 14 may kuni «sotsialistik lager»ga kiruvchi davlatlar: Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya demokratik respublikasi, Polsha, Ruminiya, Chexoslovakiya va SSSR NATOga qarshi o‘laroq «Varshava shartnomasi tashkiloti» deb nomlangan harbiy ittifoq bitimini imzolaydi. Jami 36 yil faoliyat olib borgan mazkur tashkilot 1991 yil 1 iyul kuni tarqatib yuboriladi.

NATOning kengayishi:

Hozirda 30 davlat NATOga a’zo hisoblanadi:

  • 1949 yil – AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Daniya, Italiya, Islandiya, Lyuksemburg, Kanada, Norvegiya, Portugaliya, Fransiya;
  • 1952 yil – Gretsiya, Turkiya;
  • 1955 yil – GFR;
  • 1982 yil – Ispaniya;
  • 1999 yil – Vengriya, Polsha, Chexiya;
  • 2004 yil – Bolgariya, Litva, Latviya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Estoniya;
  • 2009 yil – Albaniya, Xorvatiya;
  • 2017 yil – Chernogoriya;
  • 2020 yil – Shimoliy Makedoniya.

Qo‘shilish uchun nomzod davlatlar: Bosniya va Gersegovina, Ukraina va Gruziya.

NATOga qanday qilib a’zo bo‘lish mumkin?

NATO tuzilgan dastlabki davrda tashkilotga a’zo bo‘lish ikkita shart bo‘lgan: birinchidan, ariza beruvchi davlat Yevropada joylashgan bo‘lishi, ikkinchidan, tashkilotga a’zo barcha davlatlarning roziligi olinishi kerak edi.

Keyinchalik SSSR tarqalib ketishi ortidan NATOga a’zo bo‘lish uchun ko‘plab davlatlar murojaat qilgach, alyansga a’zo bo‘lish shartlari murakkablashdi. Bugungi kunda tashkilotga a’zo bo‘lish istagidagi nomzod mamlakatning nafaqat qo‘shnilari bilan turli kelishmovchiliklari, balki hududiy jihatdan ichki muammolari ham bo‘lmasligi, shuningdek, harbiy xarajatlar uchun NATO talab qiladigan a’zolik badalini ajrata oladigan darajada iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi lozim.

Shu jihatdan Gruziya – Abxaziya va Shimoliy Osetiya muammosi, Ukraina esa Donetsk, Lugansk, Qrim muammosi sabab alyansga kira olmay kelmoqda.

Shvetsiya va Finlandiya ham NATOga qo‘shiladimi?

BBC’ga ko‘ra, AQSh rasmiylari Shvetsiya va Finlandiya joriy yilning iyun oyidayoq NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishini kutishmoqda.

Rossiya esa ushbu mamlakatlarga potensial oqibatlar bo‘yicha ogohlantirish bergan.

«Bryussel AQSh shafeligi ostida Shvetsiya va Finlandiyani o‘z tuzilmalariga allaqachon olib kirdi, mashg‘ulot yoki treninglar ko‘rinishida turli gibrid choralar amalga oshirildi. Biz ham ommaviy tarzda, ham ikki tomonlama kanallar orqali o‘z ogohlantirishlarimizni berdik. Ular bu haqda bilishadi, shuning uchun hayron bo‘lishning keragi yo‘q. Bu nimalarga olib kelishi borasida barchasidan xabardor qilganmiz», deya yozgan Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova.

AQSh mudofaa rasmiylarining fikricha, Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi NATO kengayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan «katta strategik xato» hisoblanadi.

Agar Finlandiya NATOga kiradigan bo‘lsa, u alyansning barcha a’zolari ichida Rossiya bilan eng uzun chegaraga ega mamlakatga aylanadi. Ikki davlat chegarasi uzunligi 1340 kilometr bo‘lib, chegara chizig‘i Sankt-Peterburgdan atigi 200 kilometr naridan o‘tgan.

NATO nega Ukrainaga qo‘shin kiritmadi?

Birinchidan, Ukraina NATOga a’zo bo‘lmagani sababli alyans oldida mamlakat mudofaasi uchun qo‘shin yuborish majburiyati yo‘q.

Ikkinchidan, Ukrainada NATOga a’zo davlatlar va rus qo‘shinlari to‘qnash keladigan bo‘lsa, bu keng qamrovli mojaroga aylanib ketishi mumkin. Tashkilot a’zolari «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelganini qilishga qat’iy qaror qildik, biroq urush Ukraina chegarasidan tashqariga chiqmasligini ta’minlashi zarur», degan bayonotlar bilan chiqqani bejiz emas.

Ukraina hukumatining G‘arbdan Rossiya harbiy samolyotlari va uchuvchisiz dronlari uchun o‘z osmonini yopishni so‘rab qilgan murojaatlari ham inkor etildi.

G‘arb Ukrainaga qanday yangi qurollar yetkazib bermoqda?

Ukrainada urush boshlanganidan beri AQSh Kiyevga yordam berish uchun 3,4 milliard dollar ajratdi, deya xabar bergan Pentagon matbuot xizmati. Moliyaviy yordamdan tashqari Vashington Kiyevga harbiy texnikalar ham yubormoqda.

AQSh ta’minoti: 

  • Sovetlar davrida ishlab chiqarilgan 16ta Mi-17 rusumli vertolyot;
  • 700dan ortiq Switchblade snaryadlari;
  • 1,4 mingta Stinger zenit-raketa tizimlari;
  • 5,5 mingdan ortiq Javelin tankka qarshi raketa tizimlari;
  • 90 155 mmyulik gaubitsalar;
  • 183 ming artilleriya snaryadlari, ushbu qurollarni olib yurish uchun 72 ta mashina;
  • 200 ta M113 rusumli zirhli transportyorlar;
  • 100 ta Hamvi rusumli zirhli avtomobillar;
  • 121ta Phoenix Ghost rusumli taktik dronlar;
  • Dala artilleriyasi uskunalari va ehtiyot qismlar, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar.

Boshqa davlatlar:

  • Slovakiya S-300 tizimlari;
  • Polsha — 100ta T-72 rusumli tank;
  • Chexiya — 20 ta RM-70 reaktiv o‘t ochish tizimlari (Grad apgreydi) va Dana rusumli o‘ziyurar gaubitsalar;
  • Buyuk Britaniya — 120 Mastiff va Jackal zirhli avtomobillari, og‘ir artilleriya tizimlari, Brimstoun raketalari va Starstreak zenit-raketa majmualari. Bundan tashqari, qo‘shimcha tankka qarshi raketa majmualari;
  • Niderlandiya — PzH 2000 rusumli gaubitsalar va zirhli texnikalar;
  • Fransiya — Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va tankka qarshi Milan raketa tizimlari;
  • Norvegiya — 100 dona Mistral zenit raketa majmualari.
NATO Sharqiy Yevropada mudofaasini kuchaytirdi. Foto: Getty Images

Bundan tashqari, Finlandiya o‘z armiyasi resurslaridagi qurollarni Ukrainaga jo‘natishini ma’lum qilgan, Germaniya esa o‘zidagi og‘ir artilleriya qurollari va texnikalarni Sharqiy Yevropa mamlakatlariga beradi, bu mamlakatlar esa o‘z ixtiyoridagi sovet davriga mansub qurollarni Ukrainaga o‘tkazadi. Bunda ukrainalik harbiylar NATO davlatlari qurollarini ishlatishni o‘rganishi uchun vaqt sarflamasligi reja qilingan.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qurol yetkazib berishni moliyalashtirish uchun 450 million yevrogacha mablag‘ ajratadi. Bu tashkilot tarixidagi urushda qatnashayotgan mamlakatni qurol bilan ta’minlash uchun ajratilgan birinchi moliyaviy yordam hisoblanadi.

NATOning Sharqiy Yevropada qancha qo‘shini bor?

Rossiyaning Ukraina hududida harbiy harakatlar boshlashidan oldin ham shimolda Boltiqbo‘yi respublikalaridan, janubda Ruminiyagacha bo‘lgan hududlarda NATOning harbiy kuchlari mavjud edi. Ular 2014 yilda, Rossiya Qrimni annexia qilganidan keyin joylashtirilgan bo‘lib, Rossiya hujumi sodir bo‘lgan taqdirda «uchburchak» vazifasini bajarishga mo‘ljallangan.

NATOning Rossiya va Ukraina bilan chegaradosh Sharqiy Yevropa davlatlaridagi harbiylari soni 40 ming kishini tashkil etadi. 100ta jangovar samolyot yuqori shay holatda turadi, 120 ta kema, shu jumladan, uchta samolyotlar tashuvchi kemalar guruhi uzoq shimoldan sharqiy O‘rta Yer dengizigacha bo‘lgan hududlarda patrullik qiladi.

Shuningdek, so‘nggi voqealar fonida Qo‘shma Shtatlar Yevropaga qo‘shimcha qo‘shin jo‘natish majburiyatini oldi va NATO Estoniya, Latviya, Litva va Polshada to‘rtta ko‘p millatli jangovar guruhlar tuzdi, Ruminiyada esa ko‘p millatli brigada tashkil etildi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top