15:26 / 25.04.2022
19413

Video: Jahongir Ortiqxo‘jayev Ramazon oyida mahallalarda qabullar o‘tkazmoqda

Ramazon kunlarida Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tunlari fuqarolarni qabul qilmoqda. Uchrashuvlardan birida hokim fuqaroga 3 xonali uy, boshqa birida “Spark” avtomobilini sovg‘a qilgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimligi xodimlari ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilgani holati bo‘yicha mehnat inspeksiyasi surishtiruv olib borayotganini ma’lum qilgan kunlarda, hokimlik matbuot xizmati yana bir lavha taqdim etdi. Unda hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning Ramazon oyida tunlari o‘tkazayotgan qabullardan lavhalar aks etgan.

Bu jarayonda hokim asosan tibbiy yo‘nalishda qabul uyushtirgani, murojaatchilarning aksariyati og‘ir bemorlar ekani ko‘rinadi. Hokim fuqarolarni tinglab, shu yerning o‘zida, qog‘ozbozlik va byurokratiyani chetga surgan holda yechimlarni taklif qiladi.

Turli mahallalarda bo‘lib o‘tgan qabullar yig‘indisidan iborat lavhada uch yetimni asrab olgan ayolga hokimlik tomonidan uch xonali tayyor xonadon berilishi ta’kidlanadi va bu xonadon taqdim etiladi ham. O‘zi nogiron holda sportchilar tayyorlayotgan yigitga prezident nomidan yangi “Spark” avtomobili sovg‘a qilinadi. Avtomobil sotib olishda navbatlarni hisobga olgan Jahongir Ortiqxo‘jayev bozordan bo‘lsa ham xarid qilib berishni tayinlaydi va bu amalga oshadi.

Ko‘zi ko‘rmayotgan va o‘zi aravachaga bog‘lanib qolgan qizning o‘ziyurar aravacha bo‘yicha so‘rovi qondirilganda, u: “Sizning ismingizni bilmayman, lekin bilib olsam, u dunyoda yaxshi insonligingizga guvohlik beraman” deyishi hammani to‘lqinlantirib yuboradi. “Alloh rozi bo‘lsin, ismim Jahongir” deya javob beradi hokim.

Videodan ko‘rinishicha, Jahongir Ortiqxo‘jayev fuqarolarga nogironlar aravachasi va maishiy texnikalar sovg‘a qilgan, chet elda davolanishga yuborish, ishga kirgizib qo‘yish, hatto uylantirib qo‘yishni va’da qilgan, qabulga kelgan ko‘p sonli ehtiyojmand insonlar va keksalarning duolarini olgan. 

Top