13:04 / 26.04.2022
10789

O‘zbekistondagi harbiy qismlarda «ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonalari» tashkil qilindi

Mudofaa vazirligi ishlab chiqqan rejaga ko‘ra, zamonaviy jang va harbiy mojarolarni, xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislar tarkibidan ishchi guruhlar tuzilgan hamda jangovar va jismoniy tayyorgarlik me’yorlari to‘plami qayta ishlab chiqilgan.

Mudofaa vazirligi tomonidan joriy yil fevral oyida qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni rivojlantirish rejasi ishlab chiqildi. Bu haqda kecha, 25 aprel kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlik mas’ullari ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, rejaga ko‘ra, zamonaviy jang va harbiy mojarolar hamda xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislar tarkibidan ishchi guruhlar tuzilgan va taqdim etilgan takliflari asosida huquqiy normativ hujjatlar tayyorlanmoqda.

Shuningdek:

  • qo‘shinlardagi jangovar va jismoniy tayyorgarlik me’yorlari to‘plami qayta ishlab chiqildi. Yangi tartibda ayrim me’yorlarning ma’nan eskirganligi, qo‘shinlarda qo‘llanilmayotgan eski namunadagi qurol-aslaha va harbiy texnikalar, qabul qilingan yangi turdagi qurol-aslaha va harbiy texnikalar, o‘quv dasturdagi mavzu va mashg‘ulotlar inobatga olindi, shuningdek, me’yorlarni bajarish va baholash tartibi aniq belgilandi;
  • 2022/23 o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar ayrim bo‘linmalarining amaliy mashg‘ulotlarini 50  foizini tunda, 50  foizini kunduz kuni o‘tkazish belgilandi.

Harbiy-tibbiy muassasalar infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida harbiy-tibbiy muassasalariga zamonaviy tibbiyot uskunalari sotib olish uchun 84 (sakson to‘rt) nomlanishdagi tibbiy jihozlarning texnik topshiriqlari ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari:

  • Markaziy harbiy klinik gospitali hududida zamonaviy davolash-diagnostika korpusini qurish ishlari yakunlanmoqda;
  • harbiy-tibbiy muassasalariga 73 turdagi 6 231 327 AQSh dollariga zamonaviy tibbiyot uskunalari sotib olindi;
  • harbiy tibbiyot akademiyasi, akademik gospital, poliklinika, mobil tibbiy otryad, zamonaviy innovatsion ishlab chiqarish bo‘limlardan tashkil topgan — harbiy-tibbiy klasterini yaratish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qurolli Kuchlarda axloqiy-ruhiy ta’minotni, harbiy psixologlar institutini takomillashtirish va harbiylarning jangovar ruhiyatini oshirish maqsadida:

  • Qurolli Kuchlar akademiyasida «Harbiy psixologiya va pedagogika» mutaxassisligi bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlash tizimini joriy etish;
  • dala o‘quv maydonlarida «Dala sharoitidagi ruhiy zo‘riqishlarni yechish joylari»ni tashkil etish;
  • harbiy psixologlarning O‘zbekistonda va yetakchi xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, axloqiy-ruhiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish bo‘yicha 9 ta poligonda zamon talabiga mos ravishda mavjud ruhiy barqarorlikni shakllantirish yo‘laklari, 50 dan ortiq harbiy qism va muassasalarda «ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonalari» barpo etildi.

Mavzuga oid
Top