18:45 / 27.04.2022
8214

«O‘zkomnazorat»ga yangi rahbar tayinlandi

Hukumat qarori bilan A’zam Abdullayev Axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar qildi.

A’zam Abdullayev

A’zam Abdullayev 1983 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2005 yilda Toshkent Davlat texnika universiteti (bakalavriat), 2007 yilda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (magistratura)ni tamomlagan.

Hozirga qadar «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisining Axborot texnologiyalari va mahalliylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga qo‘shilgan ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va «Odnoklassniki») faoliyati cheklab qo‘yilishi katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi.

Shundan so‘ng, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov «O‘zkomnazorat»ning bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilgan harakatidan davlat rahbari xabar topganini ma’lum qildi. 2017 yildan buyon Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lgan G‘olibsher Ziyayev esa noto‘g‘ri va kelishilmagan xatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatildi.

Keyinroq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va bosh vazir maslahatchisi − IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov ham lavozimidan ozod qilindi.

Top