08:59 / 29.04.2022
8472

«Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturi loyihasi e’lon qilindi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, avtomobil yo‘llari infratuzilmasi, yo‘llar sifati bugungi kun talabiga javob bermaydi. Yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratilmagan.

Yo‘l harakatini tashkil etish raqamlashtirilmagan, boshqaruv va nazorat tizimlari joriy qilinmagan. Avtomobil yo‘llaridagi 200 mingga yaqin yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarining yarmi talabga javob bermaydi, 370 mingdan ortiq yo‘l belgilari yetishmaydi.

Loyihada quyidagi asosiy masalalar nazarda tutilgan:

2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash, bunda:

  • yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish;
  • avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish;
  • jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha manzilli “Yo‘l xaritasi”ni har yili ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish, har oyda amalga amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari kengashlariga hisobot berib borish;
  • dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklarni Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash respublika maxsus komissiyasida har chorakda hamda hududiy maxsus komissiyalarda har oyda tanqidiy muhokama qilib borish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilash;
  • dasturda belgilangan tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini so‘zsiz ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlikni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining raisi, moliya vaziri, ichki ishlar vaziri zimmalariga yuklash.

Bildirilishicha, loyihaning qabul qilinishi natijasida:

  • avtomobil yo‘llari infratuzilmasi takomillashtiriladi, yo‘llarning sifati yaxshilanadi;
  • yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratiladi;
  • yo‘l harakatini tashkil etish raqamlashtiriladi, shuningdek, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda yangi boshqaruv va nazorat tizimlari joriy qilinadi;
  • bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatish uchun sharoit yaratiladi.

Har yili budjetni shakllantirish parametrlarida dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish nazarda tutilmoqda.

Top