20:17 / 02.05.2022
71682

«Biz Kiyevni qutqarib qoldik» - Rossiya armiyasini to‘xtatish uchun Kiyev atrofidagi qishloq suvga bostirilgan

The New York Times nashri Kiyev oblastidagi Demidov qishlog‘idan foto va videolarni e’lon qildi, bu qishloq Rossiya okkupatsiyasi vaqtida suv ostida qolgan.

Mykhaylo Palinchak / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

«Ukraina Rossiyaning harakatini sekinlashtirish uchun o‘z hududida xaos yuzaga keltirdi», deya qishloq nega suv ostida qolganini izohlaydi nashr.

Mahalliy aholi vakillarining guvohlik berishicha, ukrainlar Irpen daryosining Kiyev suv omboriga qo‘shilish joyidagi to‘g‘onni portlatib, sun’iy toshqin yuzaga keltirishgan. Natijada qishloq va uning atrofidagi maydonlar botqoqlikka aylangan, bu esa Rossiya armiyasining Kiyevga yurishini sekinlashtirgan. Gazetaning qayd etishicha, shu tariqa Ukraina poytaxti mudofaasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun qimmatli vaqtdan yutilgan.

Demidov urushning ikkinchi kuniyoq, 25 fevralda suv ostida qoladi. Qishloqdagi 750 xonadondan ellikka yaqini butkul suv ostida qolgan.

Bir oy o‘tib rossiyalik harbiylar chekingach ham mahalliy aholi toshqin oqibatlarini bartaraf etish bilan band, ammo ular o‘z bunday qurbonlik berilganidan xafa emas. «Hammamiz vaziyatni to‘g‘ri tushunamiz va hech narsaga afsuslanmaymiz. Biz Kiyevni qutqarib qoldik!» — degan mahalliy aholi vakili, pensioner Antonina Kostyuchenko NYT muxbiri bilan suhbatda.

Suv toshqini rossiyalik harbiylarning zirhli tanklari kolonnasi Irpen daryosidan o‘tishini qiyinlashtiribgina qolmasdan, amalda qishloqning o‘zini ham ishg‘oldan himoya qilgan. Rossiyalik askarlar sayoz ko‘lni eslatuvchi bu qishloq hududida ham patrullik qilgan bo‘lsa-da, qishloq hech qachon front chizig‘iga aylanmagan va Kiyev shimolidagi boshqa shahar va qishloqlar — Bucha, Irpen, Borodyanka, Gostomel kabi joylardagi dahshatli voqealar bu yerda kuzatilmagan. Qishloq rahbari Oleksandr Melnichenkoning The New York Times nashriga aytishicha, bir oy davom etgan okkupatsiya davrida Demidovda faqat olti kishi halok bo‘lgan.

Urushning ilk kunlaridanoq son va qurollar jihatdan ustun bo‘lgan Rossiya armiyasi harakatiga xalal berish maqsadida ukrainlar o‘z fuqarolik infratuzilmalarini yo‘q qila boshladi. Ukrain harbiylari Gostomel aeroportiga ulangan avtomobil yo‘llari, temiryo‘llar va hatto aeroportdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini ikkilanmasdan bombalashgan. Harbiy ekspertlar hisoblashicha, bunday «yondirilgan yer» taktikasi rossiyalik harbiylarni to‘xtatib turish va Kiyev egallanishining oldini olishda muhim o‘rin egallagan.

Ukraina infratuzilmalar vazirligi Oleksandr Kubrakovning so‘zlariga ko‘ra, urushning ikki oyi davomida mamlakatda 300 dan ortiq ko‘priklar vayron qilingan. Ularning aksari ukrainlarning o‘zlari tomonidan portlatilgan. Rossiyalik harbiylar daryolarni kechib o‘tish uchun ponton ko‘priklar o‘rnatishgan, ular esa ukrain artilleriyachilari tomonidan o‘qqa tutilgan. Vazir ayni vaqtda Donbassda ham shunday taktika qo‘llanayotganini ma’lum qilgan.

Bu strategiya Ukraina uchun qimmatga tushadi, qolaversa Rossiya armiyasi ham fuqarolik infratuzilmalarini o‘qqa tutmoqda. Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, urushning ikki oyidan keyin mamlakat transport infratuzilmasiga yetkazilgan zarar miqdori 85 milliard dollarga yaqinni tashkil etadi. Kubrakov obektlarni qaysi tomon yo‘q qilganidan qat’i nazar javobgarlik Rossiya zimmasida bo‘lishini aytadi. «Agar urush boshlanmaganida biz o‘z ko‘priklarimizni portlatmasdik. Sababi bitta: Rossiya Federatsiyasi tajovuzkorligi», — degan u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top