07:35 / 04.05.2022
8265

Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Ichki ishlar vazirligining Situatsion-tahliliy markazida bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majmua ichki ishlar organlarining kuch va vositalarini axborot texnologiyalari asosida boshqarishga ixtisoslashgan. Zamonaviy bino qurilib, 554 terabayt xotiraga ega 18 ta server, katta hajmli kuzatuv ekrani, kompyuterlar bilan jihozlangan.

Markazda «102» tizimi, videokuzatuv kameralari, internet va boshqa manbalardan kelib tushayotgan ma’lumotlar avtomatlashgan tarzda yig‘iladi va qayta ishlanadi. Qoidabuzarlik avtotransportning davlat raqami yoki shaxsning yuz qiyofasi orqali tezkor aniqlanib, qidiruv tashkil etiladi. Bu tizim sun’iy intellekt yordamida ishlaydi va inson omili minimal darajada. Bular orqali markaz butun mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident markazdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, ish tizimi bilan tanishdi. Bu yerda barcha huquq-tartibot idoralari va shoshilinch xizmatlar ma’lumotlarini integratsiya qilish zarurligini ta’kidladi.

- Bu katta ish. Lekin qamrov va tezkorlikni oshirish kerak. Odamlar qachon o‘zini xavfsiz, erkin sezadi? Qachon turist ko‘payadi? Jinoyatchilik yo‘q bo‘lsa, xavfsizligiga ishonsa, ko‘chada tartibdan tozalikkacha - hammasi ta’minlangan bo‘lsa. Buning uchun barcha huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini bir mushtdek integratsiya qilish kerak. Bu integratsiya kirib borgan har bir tarmoq xodimlarining dunyoqarashini o‘zgartirish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Axborot texnologiyalari bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida bu tizim uchun kadrlar tayyorlash, tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlarida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlaydigan tahlilchilar faoliyatini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Ichki ishlar tizimida “inson omilini istisno etuvchi” elektron navbat, masofadan murojaat kabi onlayn xizmatlarni keng joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Mahallalarda ijtimoiy muammolarni tahlil qilish, profilaktika inspektorlarining kunlik ish faoliyatini rejalashtirish va monitoring qilish bo‘yicha elektron tizim yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.

Shu yerda Samarqand viloyatida “Xavfsiz turizm” dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilgan tizim namoyish qilindi.

Davlat rahbari ichki ishlar tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va yangi xizmat kiyimi namunalarini ham ko‘zdan kechirgan.

Top