12:00 / 06.05.2022
8343

Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Nurli diagnostika va davolashning yangi texnologiyalari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi

2022 yil 5-6 may kunlari Samarqand viloyat yoshlar markazida «Nurli diagnostika va davolashning yangi texnologiyalari» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil qilindi. Xalqaro anjumanda AQSh, Germaniya, Yaponiya, Avstriya, Bangladesh, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan radiologlar jamiyatlari vakillari, respublikamizdagi, yaqin va uzoq xorijiy davlatlar nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlari olimlari va izlanuvchilari ishtirok etdi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot universiteti

Xalqaro anjumanni o‘tkazishda yangi texnologiyalarni klinik tibbiyotga joriy qilish, yangi texnologiyalarning amaliy sog‘liqni saqlash taraqqiyotidagi hissasini, vizualizatsiyalashning bemorlarni davolashdagi o‘rnini muhokama qilish kabi asosiy maqsadlar ko‘zda tutildi.

Konferensiya tantanali ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston radiologlar jamiyati raisi professor Marat Xodjibekov, Medical University of Graz professori Rayner Raynmyuller, A.F.Tsiba nomidagi tibbiyot markazining ochiq radionuklidlar bilan davolash radiojarrohlik bo‘limi rahbari Valeriy Krylov, Qozog‘iston radiologiya jamiyati prezidenti professor Raushan Raximjanova, tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini oshirish markazi professori Akram Fozilov, ToshDPI tibbiy radiologiya kafedrasi mudiri Gulnora Yusupaliyeva va boshqalar so‘zga chiqib, nurli diagnostika va tibbiy radiologiyaning zamonaviy rivoji ustuvorlari, soha uchun malakali kadrlarni yetishtirish hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Yalpi majlisdan so‘ng xalqaro anjuman ishi beshta shu’bada davom ettirilib, klinik tibbiyotda nurli diagnostikaning yangi texnologiyalari, onkologiyada diagnostik radiologiya va nur terapiyasi, jarohatlar va shoshilinch holatlarda nurli diagnostika, tegishli mutaxassisliklarda nurli diagnostika hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga bag‘ishlangan 100 ziyod ma’ruzalar qilindi va tegishli yo‘nalishlardagi ilmiy yangiliklar soha mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi.

Anjuman doirasida radiologiyaning MRT, kompyuterli tomografiya, UTT, rentgenologiya va radioterapiya yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro tanlovlar ham o‘tkaziladi. Tanlovlarda universitet bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, klinik ordinatorlari, viloyatlardan kelgan amaliyot shifokorlari bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyasi respublika va mintaqamizda nurli diagnostika va radiologiyani taraqqiy toptirish, ilmiy yangiliklarni klinik tibbiyotga joriy qilish, malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti matbuot xizmati Ⓣ

Top