09:43 / 07.05.2022
15057

Yunusobod tumanida hokim yordamchisi 35 ming dollar bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent shahri va Samarqand viloyatida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda, Yunusobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi mansabdor shaxs firibgarlik yo‘li bilan mahalliy tadbirkordan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi

Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda tadbirkorga yengil tipdagi savdo do‘koni o‘rnatishi uchun mahalla hududidan 50 m2 yer maydoni ajratilishi yuzasidan tavsiya berishni va yer maydoni hujjatlarini tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Jumladan, viloyat Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazining Samarqand shahar bo‘linmasi mutaxassisi chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkordan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Aniqlanishicha, u Nurobod tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga tegishli 78 gektar lalmi yer maydonini 135 ming AQSh dollari evaziga tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tuman bo‘limi katta inspektori o‘ziga tegishli fermer xo‘jalikning 20 gektar yer maydonini 50 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zi ish boshqaruvchi vazifasida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jalikning 6 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 170 ming AQSh dollaridan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top