18:06 / 09.05.2022
35071

«Azovstal» himoyachilari taslim bo‘lmoqchi emas, Zelenskiy Mariupolni harbiy yo‘l bilan qaytarishning imkoni yo‘qligini aytdi

«Azovstal» zavodi himoyachilari Ukrainadagi rasmiylarni Mariupol mudofaasini tashkil eta olmaslikda aybladi va «Azov» polki harbiylari uchun rossiyaliklarga asirga tushish o‘lim bilan barobar ekanini aytishdi.

AP / Scanpix / LETA

«Azov» polki jangchilari Mariupolda rossiyalik harbiylar tomonidan o‘rab olingan «Azovstal» zavodidan turib «Gromadske» nashri jonli efirida videoaloqa orqali matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda «Azov» polki komandiri o‘rinbosari Svyatoslav Palamar va razvedka boshqarmasi ofitseri Ilya Samoylenko ishtirok etdi.

Ukraina harbiylari Mariupol mudofaasi vaqtida rossiyalik harbiylardan 2,5 mingdan ortig‘i o‘ldirilgani va 5 ming nafari yaralangani haqida ma’lum qilishdi. Ular shuningdek dushmanning 60 dan ortiq tanki yo‘q qilingani, 30 tasi shikastlanganini tasdiqlashgan.

«Bu dushmanning butun mamlakatdagi yo‘qotishlarining 10 foizidan ko‘proq. RF yo‘llagan zarbalarning 50 foizi Mariupolga to‘g‘ri keladi. Kuniga 150 ta zarba. Va bizni qo‘llab-quvvatlashmayapti. Havodan ham, quruqlikdan ham, artilleriya orqali ham», degan Palamar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir ham «Azovstal» intensiv ravishda o‘qqa tutilmoqda. «O‘tgan tunning o‘zida 25 dan ortiq parvoz amalga oshirilganini sanadik, jumladan strategik bombardimonchi samolyot ham», degan u.

Palamar dushman artilleriya, tanklar, minomyotlardan o‘q uzayotgani, bosqinchilarning piyodalari zavod hududini shturm qilayotgani, shuningdek merganlar ishlayotganini aytib o‘tgan.

Kiyevdan norozilik

«Azov» polki komandiri Svyatoslav Palamar va razvedka ofitseri Ilya Samoylenko

«Azov» jangchilari Ukrainaning ko‘plab rasmiylari sakkiz yil mobaynida mamlakat mudofaasi masalalarini sabotaj qilib kelganini ham aytishgan.

«Mariupol qamali 2,5 oydan buyon davom etmoqda. Tarixda buncha ko‘p askar, buncha ko‘p tinch aholi halok bo‘lgan bunday qamal bo‘lmagan. 25 ming fuqaro Rossiya armiyasi tomonidan o‘ldirildi. Ammo biz harbiylarmiz, mamlakatimizni, davlatimizni himoya qilish ma’naviy burchimiz», degan razvedka boshqarmasi ofitseri Ilya Samoylenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hech kim jangchilar bu qadar uzoq qarshilik ko‘rsatishini kutmagan.

«Chunki hukumatimiz Mariupolni himoya qila olmadi, shahar mudofaasini tayyorlay olmadi. Bizni qahramonlar deyishmoqda, bizdan hayratlanishmoqda, ammo qahramonlik rejalashtirish va tashkiliy ishlar barbod bo‘lganida yuzaga keladi. Ko‘p odamlarimiz Ukraina himoyasi uchun jonini berishdi. Biz Mariupoldan ketishimiz mumkin edi, chunki biz vaziyat og‘irlashayotganini ko‘rib turgandik, ammo shahar mudofaasi uchun qolishga qaror qildik va bizda shaharni himoya qilish to‘g‘risidagi buyruq ham bor edi.

Bu urush 24 fevral kuni boshlanmagan, biz bu haqda doim aytib kelardik. Bizning tayyorgarlik ko‘rishimizga rasmiy shaxslar tomonidan zimdan qarshilik ko‘rsatib kelindi. Biz Rossiya bilan katta urush boshlanishini bilardik. Biz imkon qadar tayyorgarlik ko‘rdik - professional mashg‘ulotlar [o‘tkazdik], amunitsiya [yig‘dik]. Biz birorta «Javelin», birorta yangi qurol, yangi transport vositalari olmadik. Hech qanday qo‘llab-quvvatlov bo‘lmadi. Biz yolg‘iz qoldik. Biz sakkiz yil mobaynida yolg‘iz qoldirildik. Hech kim bu qadar uzoq vaqt qarshilik qilishimizni kutmagandi», dedi Samoylenko.

«Azovstal»dagi tinch aholi vakillari haqida

Harbiylar Mariupoldan tinch aholi evakuatsiyasi bo‘yicha olib borilgan ishlarga ham to‘xtalgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, «Azovstal» hududida bir necha ming tinch aholi vakillari bo‘lgan.

«Azovstal»dan tinch aholi vakillari evakuatsiyasi BMT va Qizil Xoch bilan kelishilgan holda amalga oshirildi

«Fuqarolar shahardan qochishdi va zavoddan boshpana topishdi, ular bir necha ming kishi edi. Shaharda urush ketmayotgan mahalda ular chiqishga muvaffaq bo‘lishdi. Ayrim odamlar shunchalar qo‘rqib ketgandiki, ularni bunkerdan chiqishga majburlashga to‘g‘ri keldi», deydi polk vakili.

Harbiylar o‘zlari bilan oddiy fuqarolar bo‘lishi noqulayliklar tug‘dirishi, odamlarni imkon qadar harbiy harakatlar va blokpostlardan nariroq tutishga harakat qilishgani haqida gapirishgan.

«2,5 oy mobaynida biz butun dunyodan tinch aholini evakuatsiya qilishni so‘radik. Hozirga kelib bir necha yuz kishi olib chiqildi. Yana ko‘plab fuqarolar RF nazoratidagi va umuman RF hududiga evakuatsiya qilingan», dedi «Azov» polki komandiri o‘rinbosari Svyatoslav Palamar.

Ukraina hukumati o‘tgan hafta davomida BMT va Qizil Xoch jamiyati sa’y-harakatlari bilan «Azovstal» hududida yashiringan aholi evakuatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Volodimir Zelenskiyning o‘zi ayollar, bolalar va keksa yoshlilardan iborat bo‘lgan 300 kishi evakuatsiya qilingani haqida ma’lumot bergan. Endilikda zavod hududidagi yaradorlar va tibbiyot xodimlarini evakuatsiya qilish uchun ish olib borilayotgani aytilgan.

«Taslim bo‘lish biz uchun variant emas»

«Azov» jangchilari ularni nima kutayotgani haqida gapirishgan.

«Biz barchamiz, Mariupol garnizoni harbiy kontingenti Rossiya tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarga shohidmiz. Asirlikka tushish - chiqish yo‘li emas, chunki Rossiya biz tirik qolishimizdan manfaatdor emas.

Biz tirik ekanmiz, kurashishda davom etamiz», degan kapitan Svyatoslav Palamar va yana bir bor yaradorlarni olib ketishda xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan.

«E’tiboringizni bir narsaga qaratishni istardim: siyosatchilar hozir bu varvarlar - Rossiya armiyasi bilan kelishishga urinmoqda. Bu odamlar Ukrainada nimalar qilayotganini unutishdi, ular yakson etish uchun kelganini unutishdi. Bizning bosh maqsadimiz - tahdidni yo‘q qilish. Mana shuning uchun bizga butun dunyodan, erkin dunyodan yordam zarur. Chunki biz hozirda uni ham himoya qilmoqdamiz. Biz erkin dunyo uchun kurashmoqdamiz. Chunki rossiyaliklarning ishtahasi endi ochilmoqda, agar ular bizdan, Ukraina mudofaasidan o‘tishsa, keyin Polshaga, Boltiqbo‘yi davlatlariga ham o‘tishadi, ehtimol - undan ham nariga», degan Samoylenko.

U «Azov» polki jangchilari uchun asir tushish - o‘limni anglatishini aytib o‘tgan.

«Bizda dushman o‘zini noinsoniy tutayotgani va barcha qonunlar va urush qoidalarini buzayotganiga oid aniq dalillar bor», deya qayd etgan Samoylenko. U rossiyalik harbiylar asir tushgan «Azov» jangchilari o‘ldirilganiga oid xabarni eslatgan.

36-brigada komandiri shaharni tashlab qochishga urinishda ayblandi

«Azov» vakili Ilya Samoylenko dengiz piyodalari 36-brigadasi komandiri Vladimir Baranyukni qamaldagi Mariupoldan qochishga urinishda aybladi.

36-brigada komandiri polkovnik Vladimir Baranyuk va shtab boshlig‘i polkovnik Dmitriy Kormyankov aprel oyida Ilich nomidagi «Azovmash» zavodidan qamalni yorib o‘tishga urinish chog‘ida asir tushgan.

Samoylenko 36-brigada komandiri buyruqni bajarishdan bosh tortib, Ukraina armiyasi pozitsiyalariga yetib olish uchun harbiylarning kichik guruhi bilan qamalni yorib o‘tishga uringani haqida gapirgan.

«Kimdir qo‘rqoq kabi qochishga urinishi mumkin. O‘z burchi va qasamyodi haqidamas, faqat o‘z joni haqida o‘ylab. 36-brigada komandiri bilan aynan shunday bo‘ldi. U buyruqdan bo‘yin tovlab, kichik guruh bilan shahardan qochishga urindi», degan u va Baranyuk kabi ish tutish «katta sharmandalik» ekanini ta’kidlagan.

U Mariupoldagi harbiylar Ukraina armiyasi pozitsiyasidan 100 km masofada ekani, shu tufayli ularga yetib borish imkonsiz ekanini qayd etgan.

«Azov» polki komandiri Denis Prokopenko agar dengiz piyodalarining 36-brigadasi komandiri Vladimir Baranyuk Ilich zavodidan chiqib, qamalni yorib o‘tishga qaror qilmaganida ukrain harbiylari yana uzoq vaqt davomida Mariupol shahrining o‘ng sohilini tutib turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Bu 36-brigada komandiri polkovnik Baranyukning qarori edi yoki uni rahbariyatdagilardan kimdir shunga undagan, bunisi menga qorong‘i. Ammo nima bo‘lganda ham bu qaror mantiqsiz edi, Ilich zavodida yana uzoq vaqt mudofaalanib turish mumkin edi, ammo negadir shunday qaror qabul qilindi», degan Prokopenko.

Baranyuk hozirda Rossiya asirligida. Rossiya nashrlariga bergan intervyusida u o‘q-dori tugagani uchun qamalni yorib o‘tishga qaror qilganini aytgan.

«Azov» polki komandiri Denis Prokopenko va 13 apreldan dengiz piyodalari brigadasi komandiri v.b mayor Sergey Volin.

Shu kuni «Azov» polki komandiri «Ukrainskaya pravda» nashriga intervyu berdi.

Uning intervyusidan asosiy gaplar:

  • «Azovstal»dagi vaziyat haddan tashqari og‘ir. Qonli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Dushman zavod hududiga bostirib kirgan. 
  • Biz Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirish uchun katta hissa qo‘shdik va boshqa yo‘nalishlarga bosim zaiflashishi uchun raqib kuchlarining katta qismini o‘zimizga jalb qildik.
  • Agar barcha shaharlar - Genichesk, Melitopol va Berdyansk ham dushman bilan jang qilganida — u to‘rt kun ichida Mariupolga yetib kelolmasdi. 
  • Dushmanni Qrimdan kirganidayoq Genicheskda yakson etish zarur edi. Bu yerda ular manyovr qilishi cheklangandi, negadir bunday qilinmadi.
  • Biz hech qanaqasiga zavodda tinch aholi vakillarini tutib turmadik. Odamlarning ko‘pchiligi shunchaki tashqariga chiqishga qo‘rqardi. Hozirda zavoddagi barcha tinch aholi vakillari evakuatsiya qilingan.

Mariupol qamalini harbiy yo‘l bilan yechish imkonsiz

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ayni vaqtda Mariupol shahri qamalini harbiy yo‘l orqali bekor qilish imkonsizligi haqida gapirdi.

«Ukrainada bunday og‘ir qurollar yo‘q. Bu shunchaki gap emas, armiyamiz rahbariyatining xulosasi», — degan Zelenskiy Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Suspilne» nashri xabar berishicha, Zelenskiy hozirda Ukrainada faqat diplomatik choralar imkoniyati borligini aytgan. U aynan diplomatik yo‘l orqali «Azovstal» zavodi hududidan tinch aholi vakillari olib chiqilganini ta’kidlagan.

«Harbiylarga keladigan bo‘lsak. Rossiya harbiylari, Rossiya armiyasi, armiya rahbariyati va RF siyosiy rahbariyati bizning harbiylarni qo‘yib yuborishni istamayapti», — degan Ukraina prezidenti va bu boradagi muzokaralarga bir necha davlatlar, shuningdek BMT va Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi vakillari jalb etilganini qo‘shimcha qilgan.

«Rossiya faqat asirlikka tushgan harbiylarni asirlarga almashtiradi. Vaziyat shunday. Bu RFning javobi. Boshqacha javob yo‘q», — degan u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top