17:49 / 09.05.2022
13440

Gretsiya sanksiyalarga qaramasdan Rossiya neftini tashishda davom etmoqda

Aprel oyida Rossiya neft portlaridan 190ta tanker, ularning 76tasi Gretsiya bayrog‘i ostida yo‘lga chiqqan. 

Foto: Reuters

Rossiya bayrog‘i ostidagi kemalarga qarshi sanksiyalar kiritilganiga qaramasdan, Rossiyadan dengiz orqali har kuni qiymati 509 mln dollarlik 4,5 mln barrel neft tashilmoqda, deb xabar berdi Die Welt

Nashrning yozishicha, Gretsiya sanksiyalarga rioya qilmagani sababli Rossiyadan dengiz orqali neft eksport qilish urushgacha bo‘lgan darajada saqlanib qolmoqda.

"Yevropa va amerikalik dilerlar, neft kompaniyalari va kema kompaniyalari Rossiya floti operatorlari bilan barcha aloqalarni uzgan bir vaqtda, gretsiyalik kemachilar Rossiyadagi bizneslarini kengaytirishda davom etmoqda", deb yozadi nashr.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida Rossiya neft portlaridan 190ta tanker, ularning 76tasi Gretsiya bayrog‘i ostida yo‘lga chiqqan. 

"Shu tarzda, Gretsiya Rossiya neftini tashishdagi ulushini o‘tgan yildagiga nisbatan uch baravarga oshirdi", - deb yozadi Die Welt. 

Rossiya nefti ortilgan Gretsiya tankerlari Singapur, Hindiston, Xitoy va Janubiy Koreyaga yo‘l olmoqda.

Ukraina hukumati Rossiya tankerlarini kuzatuvchi guruh tuzdi. Mamlakat bosh prokurori Irina Venediktova Rossiya bilan neft biznesini olib borayotgan kompaniyalar va jismoniy shaxslarga qarshi da’volar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. 

YeI may oyida taqdim etgan sanksiyalarning oltinchi paketida Rossiya neftiga bosqichma-bosqich embargo kiritilishi ko‘zda tutilgan. Dunyodagi eng yirik tankerlar flotiga ega bo‘lgan Gretsiya (716ta kema) taqiqqa qarshi chiqdi. 

Aprel oyi boshida kiritilgan sanksiyalarda Rossiya kemalarining Yevropa portlariga kirishi taqiqlangandi.

Gretsiya 15 aprel kuni Rossiya bayrog‘i ostidagi Pegas tankerini ushladi. Peloponnes yarimoroli portida undagi neft boshqa tankerga olindi. Chunki cheklov choralari yukka emas, kemaning o‘ziga taalluqli edi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top