10:49 / 13.05.2022
12438

«Bema’ni va qattol urushni to‘xtating» – Jill Bayden Putinga murojaat qildi

Foto: Jill Bayden axborot xizmati

AQSh prezidenti Jo Baydenning rafiqasi Jill Bayden Rossiya prezidenti Putinga murojaat qildi. Yaqinda Ukrainada bo‘lib qaytgan AQSh birinchi xonimining Putinga murojaat bilan tugagan safar taassurotlari haqida chiqishi CNN'da e’lon qilindi.

Jill Bayden Ukrainaga safari vaqtida Volodimir Zelenskiyning rafiqasi Yelena Zelenskaya bilan ham uchrashgandi. Ukraina birinchi xonimi Bayden xonimdan ruhiy zo‘riqishga uchragan ukrainaliklarga madad berishda yordam so‘ragan.

«Inson urush maydonidan o‘zgarmay chiqolmaydi, alam odamning yuzini qaritadi. Men ko‘rgan onalarning ko‘z yoshi ko‘zining bir burchagida qotib qolgandek, o‘zlarini zo‘rg‘a yig‘idan tiyib turgandek edi. Ular farzandlarining sochini xuddi bu oxirgi marta bo‘layotgandek avaylab silardi. Ularning ko‘zida qat’iyatni ko‘rish mumkin, ammo cho‘kib qolgan yelkalari qanchalik qiynalganidan nishona. Ularda nimadir yetishmaydi – quvonch va ayollargina tushunadigan oddiy ohang.

Men Slovakiya va Ruminiyada uchratgan ukrainalik onalar tuni bilan bombalardan qochib chiqqani, bir necha kun yegulik va hatto quyoshsiz yashaganlarini aytib berishdi. Ujgorodda men uchratgan ona oilasi bilan ovqat qidirib ko‘chaga chiqqanida, rossiyalik askarlar nonga navbatda turgan odamlarni otib tashlaganini aytib berdi.

24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, odamlar hatto oyoq kiyimsiz bir necha chaqirim masofaga qochishga majbur bo‘lgan. Bu haqda chegarachilar gapirib berishdi. Yelena Zelenskaya men bilan gaplashib, xalqi uchun yordam so‘rayman deb o‘z bolalarini bombapanada qoldirib chiqdi. U urush dahshati sabab ruhiy qiyinchilikka uchragan odamlarga yordam berishimizni so‘radi.

Biz bir-birimizni onalar kuni bilan tabrikladik. Amerikalik onalar nomidan ukrainalik onalar bilan birga ekanimizni aytdim. Men ko‘rgan onalar ham yana kulishini juda istadim. Bu uchun esa urush tugashi kerak. Janob Putin, iltimos, bu bema’ni va qattol urushni to‘xtating», deb yozgan AQSh birinchi xonimi CNN'dagi mualliflik kolonkasida.

7 may kuni Ruminiya va Slovakiyada ukrainalik qochoqlar bilan uchrashgan AQSh birinchi xonimi 8 may kuni Ukrainaning Ujgorod shahrida Yelena Zelenskaya bilan birga boshqa hududdan qochib kelgan bolalar tahsil olayotgan maktabga borgandi. «Ukrainaliklarning matonatidan butun dunyo kuch olsa arziydi», degandi o‘shanda Jill Bayden.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top