11:46 / 14.05.2022
15526

O‘zbekistonda pomidorning yangi navi ixtiro qilindi

Sabzavotchilik sohasi olimlari tomonidan pomidorning ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga birdek mos yangi «Universal» navi ixtiro qilindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining bir qator seleksioner olimlari - Yekaterina Lyan, Rustam Nizomov, Shermuhammad Aminov va Jamil To‘rayevlarning o‘n yillik samarali mehnati natijasida ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga mos pomidor navi ixtiro qilingani aytiladi. Ushbu navga «Universal» nomi berildi.

Yangi nav o‘rtapishar bo‘lib, o‘suv davri 120-122 kunni tashkil etadi. Asosiy poyasining uzunligi issiqxonada 2,0-2,5 metr, ochiq maydonda 1,5-1,8 metrgacha yetadi, shoxlanishi va barglanishi esa o‘rtacha. Bargi oddiy, to‘q yashil, o‘rtacha burmali. Birinchi to‘pguli 8-9 bo‘g‘inlarda joylashgan. Mevasi yassi yumaloqsimon, yuzasi silliq, qizil. Pomidor vazni 100-120 g, meva asosi kichik chuqurchali. Urug‘xonasi 4-5 ta. Degustatsion bahosi 4,9 balldan iborat.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Tarkibida quruq modda miqdori - 4,8 foiz, umumiy qand - 4,2 foiz, askorbin kislotasi - 24,2 foiz. Hosildorligi: issiqxonada 15-18 kg/m2; ochiq maydonda 38-42 t/ga ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich boshqa navlardan 15-20 foiz yuqori degani.

Pomidorning «Universal» navini respublikada keng joriy etish, birlamchi urug‘chiligini o‘rnatilgan tartibda tashkil etish uchun nav hujjatlar rasmiylashtirilib, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari sinash markaziga davlat reyestriga kiritish uchun va Intellektual mulk agentligiga patentlash uchun taqdim etilgan.

Top